Uch nafar yengil atletikachimiz Olimpiada normativini bajardi

    Sport 14 Iyun 2021 718

    Shu kunlarda Qirgʻizistonning Bishkek shahrida Olimpiada chempioni Tatyana Kolpakova sovrini uchun xalqaro musobaqa boʻlib oʻtmoqda. Ushbu musobaqa Tokio-2020 Olimpiadasiga reyting beruvchi musobaqalar toifasiga kiradi.

    Quvonarlisi, ushbu turnirda hamyurtimiz Darya Reznichenko uzunlikka sakrash musobaqalarida Tokio-2020 normativini bajardi. U ushbu yoʻnalishda 6 metru 83 santimetr natija qayd etdi. Bu Tokio-2020 normatividan 1 santimetrga yuqori koʻrsatkich sanaladi.

    Maʼlumot uchun: Darya Reznichenko ushbu natija bilan ochiq havodagi Oʻzbekiston rekordini 2 santimetrga, yopiq inshootlardagi mamlakat rekordini esa 1 santimetrga yangiladi.

    Shuningdek, mazkur xalqaro turnirning uch hatlab sakrash dasturida ishtirok etgan ikki hamyurtimiz ham Tokio-2020 normativlarini bajarishga muvaffaq boʻldi.

    Jumladan, Osiyo chempioni, qolaversa Osiyo oʻyinlari sovrindori, hamyurtimiz Ruslan Kurbanov oʻz chiqishida 17.17 metr natija qayd etdi. Bu Olimpiada normatividan 3 santimetr yuqori koʻrsatkichdir.

    Qizlar oʻrtasidagi musobaqalarda Roksana Xudoyorova normativdan 4 santimetr yuqori natija, yaʼni 14.36 metrga sakradi.

    Eslatib oʻtamiz, bungacha yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolaridan balandlikka sakrash bahslarida Svetlana Radzivil hamda Safina Saʼdullayeva, bosqon uloqtirishda Suhrob Xoʻjayev Olimpiada normativlarini bajarishgan edi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.