Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tashabbusi bilan Fargʻona viloyatida davom etayotgan infotur doirasida OAV vakillari Uchkoʻprik tumanidagi “Mehrigiyo” oilaviy korxonasida boʻldilar.
24 gektardan iborat plantatsiyada lavanda, rozmarin, noyob turdagi atirgullar, banan, kivi, kofe daraxtlari yetishtirilmoqda.
Bu yilgi mavsumdan boshlab Namangan viloyati hududida 200 gektar yerda yana oʻsimlik va daraxtlar parvarishlanadi.
Oilaviy korxona hududida mehmonxona va oʻtovlar, salomatlik markazi, qayta ishlash kichik fabrikasi, maxsus dorixona, book-cafe, fitobarlar aholi va bu yerga tashrif buyurgan sayyohlarga xizmat koʻrsatmoqda.
200 dan ortiq asalari qutilarida lavandaga toʻyingan asal olinadi.
Xojiakbar Abdurazzaqov, korxona ish boshqaruvchisi:
– Plantatsiya va issiqxonalarda 100 foiz tabiiy mahsulotlar yetishtiriladi. Tibbiy maqsadda turli preparatlar, choylar va parfyumeriya vositalari tayyorlanmoqda.
Mahsulotlar Rossiya va qoʻshni mamlakatlar bozorlarida xaridorgir. Bu yildan boshlab AQSH va Saudiya Arabistoni bilan ham shartnoma imzoladik. Endilikda mazkur davlatlarda ham Oʻzbekistonning “Mehrigiyo” brendi ostida mahsulotlar sotuvga qoʻyiladi.
Oilaviy korxonada doimimy 180 ishchi ish bilan taʼminlangan. Mavsumga qarab yana 150dan 300 nafargacha ishchi-xodim ish bilan band boʻladi.