Poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent”da  O'zbekiston-Ukraina biznes forumi va Ishbilarmonlar kengashining yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishning hal qiluvchi omili sifatida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining o'zaro aloqalarini mustahkamlash masalalari tadbirning asosiy mavzusi bo'ldi. Unda Ukraina tomonidan Tashqi ishlar vazirining o'rinbosari E.Enin, Savdo-sanoat palatasi prezidenti G.Chijikov, O'zbekiston-Ukraina Ishbilarmonlar kengashining hamraisi O.Revchuk, O'zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirining o'rinbosari F.Siddiqov, Savdo-sanoat palatasi raisi A. Ikramov, shuningdek, ishbilarmon doiralar vakillari qatnashdi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri o'rinbosari E.Enin o'z nutqida ikki mamlakat o'rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlanib borayotgani, so'nngi yillarda hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlanayotganini ta'kidlab o'tdi. Kengash faoliyati ikki mamlakat ishbilarmon doiralari uchun keng va qulay imkoniyat yaratib, kelgusida samarali natijalarga erishishda asosiy vazifani o'tashiga ishonch bildirdi.

Savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik mamlakatlar o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. O'zbekiston Respublikasi tomonidan O'zbekiston-Ukraina ishbilarmonlar kengashining hamraisi Z.Xoshimov sayyohlik, madaniy-gumanitar sohalarda o'zaro tajriba almashinuvini faollashtirish muhimligini ta'kidladi.

Xorijiy investorlar uchun O'zbekistonning ochiqligini ta'minlash va jozibadorligini oshirish bo'yicha olib borilayotgan ishlar, shaffof ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, korruptsiyaga qarshi kurashish, investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotda davlatning rolini bosqichma-bosqich qisqartirish bo'yicha ko'rilayotgan choralar to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.

Tadbir doirasida qator ikki tomonlama hujjatlar, jumladan, O'zbekiston va Ukraina SSPlari o'rtasidagi kelgusi hamkorlikning yo'l xaritasi, Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig'ilishining bayonnomalari, shuningdek, tomonlarning SSP hududiy palatalari o'rtasida hamkorlik to'g'risidagi Shartnoma imzolandi.

Tashkil etilgan ochiq muloqotlar, istiqbolli loyihalar va kelishuvlarni ishlab chiqishni o'z ichiga olgan o'zaro manfaatli yo'nalishlarni aniq belgilashga hamda O'zbekiston va Ukraina ishbilarmon doiralari o'rtasidagi o'zaro hamkorlikning samarali formatini yaratishga imkon berdi. O'z navbatida, Savdo-sanoat palatasi 2022-yilda O'zbekiston va Ukraina ishbilarmon doiralarini qo'llab-quvvatlashda amaliy natijalarga erishishga qaratilgan rejalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Ma'lumot uchun, 2020-yilda ikki davlat o'rtasidagi o'zaro savdo hajmi 437,9 million dollarni (+ 14,1%) tashkil etgan. 2021-yil 1-aprel holatiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi hududida Ukraina kapitali ishtirokidagi 129 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ulardan 72 tasi qo'shma hamda 57 tasi 100 foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalardir.