Jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lsa­da, sabr­bardoshli, mustahkam irodali, matonatli insonlar oramizda ko‘p. Biroq hamma jamiyatda ularning ishlashi, ta’lim olishi, hayotda to‘laqonli ishtirok etishi va o‘ziga munosib o‘rin topishi uchun imkoniyat yaratish doim dolzarb masala bo‘lib kelgan. Jumladan, yurtimizda ham nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun munosib hayot tarzini vujudga keltirish, inklyuziv jamiyat barpo etish kun tartibiga ko‘tarildi.

O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunida imkoniyati cheklangan shaxslarning huquqlarini ta’minlashning asosiy prinsiplari belgilab berildi. Xususan, nogironligi bo‘lgan bolalarning bepul umumiy o‘rta, maktabdan tashqari, o‘rta maxsus va professional ta’lim olishini kafolatlash, bunda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida qabul qilish umumiy sonining 2 foizi miqdorida qo‘shimcha kvota ajratish kabi qator imtiyozlar qonundan o‘rin oldi. 

Davlatimiz rahbari 2021- yil 22- fevral kuni BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasidagi nutqida imkoniyati cheklangan shaxslarning qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha mintaqaviy kengash tuzish taklifini bildirgan va mamlakatimizda alohida ehtiyojga ega shaxs lar huquqlarini kafolatlashga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidlagan edi. 

Konstitusiyaviy qonun loyihasiga imkoniyati cheklangan shaxslarning huquqlarini ta’minlashga doir norma kiritilgani islohotlar izchilligidan dalolatdir. 57-moddada, jumladan, shunday deyiladi: “Mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toi falarining huquqlari davlat himoyasidadir. 

Lavlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining turmush sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni ko‘radi. 

Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar ob’yektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashadi, ularga zarur bo‘lgan axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta’minlaydi”. 

“Imkon”dagi yangi imkoniyatlar

2017-yilda mamlakatimizda 188 ta ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan, biroq ular faoliyatida qator kamchiliklar kuzatilgan. Jumladan, mazkur tashkilotlar tarbiyalanuvchilarining 80-90 foizi sog‘lom bolalar edi. Ota-onalar farzandini u yerga biror-bir ko‘rsatma bilan emas, balki faqat yaxshi parvarish, kuchaytirilgan ovqatlantirish, qo‘shimcha mashg‘ulotlarning mavjudligi va guruhlarda bolalar soni kamligi tufayli joylashni ma’qul ko‘rardi. Natijada tor turdagi ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini bosqichma-bosqich maqbullashtirish, ularning o‘rniga ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish, shuningdek, inklyuziv ta’limni joriy etish zarurati yuzaga keldi. 

Ko‘p tarmoqli yondashuv tufayli to‘liq reabilitasiya va korreksion-pedagogik yordam ko‘rsatish, shuningdek, bolani bir vaqtning o‘zida bitta muassasa sharoitida barcha mutaxassislar yordami bilan ta’minlash uchun butunlay yangi — reabilitasiya markaziga ega ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti modeli taklif etildi. Jumladan, Nukus shahridagi Orolbo‘yi mintaqasi bolalari uchun zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan reabilitasiya markaziga ega “Imkon” ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti ana shu model asosida tashkil etilgan. Mazkur tashkilotda bir vaqtning o‘zida rivojlanishida jismoniy yoki ruhiy nuqsoni bo‘lgan 150 bola ta’lim-tarbiya olish bilan birga, muolajalarni qabul qilishi mumkin. Bundan tashqari, markazda alohida ehtiyojga ega 2-18 yoshli o‘g‘il-qizlar reabilitasiya muolajalari va korreksion-pedagogik mashg‘ulotlarda qatnashishi uchun imkoniyat yaratilgan. Tashkilotning yana bir xususiyati shundaki, u yerda maktabgacha yoshdan oshgan, imkoniyati cheklangan bolalarga bepul reabilitasiya muolajasi ko‘rsatiladi.

“Imkon” markazi Koreya, Rossiya, AQSH, Polsha, Germaniya, Xitoy, Buyuk Britaniyada ishlab chiqilgan zamonaviy reabilitasiya uskunalari va vositalar bilan jihozlangan. Bu yerda liftlar o‘rnatilgan, korreksion basseyn, o‘yin maydonchalari jihozlangan va bularning barchasi turli yoshdagi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun moslashtirilgan. Sifatli tashkil etilgan o‘quv-fazoviy muhit va reabilitasiya uskunalari majmuasi bolalarning hayotiy kompetensiyalarini rivojlantirish va takomillashtirish imkonini beradi. Ta’lim-tarbiya jarayoni bola va oila ning ehtiyojiga qaratilgan bo‘lib, “Imkon” markazining tuzilmasida bolalarga korreksion-pedagogik va reabilitasiya yordami ko‘rsatiladigan davrda chekka hududlardan kelgan ota-onalar farzandi bilan birga yashashiga mo‘ljallangan yotoqxona mavjud. 

Nukus shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan reabilitasiya markaziga ega “Imkon” ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotining ijobiy tajribasi bu kabi muassasalarni boshqa viloyatlarda ham barpo etishga zamin hozirladi. Jumladan, 2021-yilning noyabr oyidan Qibray tumanida, o‘tgan yili iyun oyida Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida reabilitasiya markaziga ega davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari foydalanishga topshirildi. 

— Tarbiyalanuvchilar alohida ehtiyojga egaligi sabab Maktabgacha ta’lim agentligi tavsiyasiga asosan, 2-7 yoshli alohida ehtiyojli bolalar uchun moslashtirilgan o‘quv dasturidan foydalanamiz, — deydi Qibray tumanidagi “Imkon” reabilitasiya markaziga ega davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori o‘rinbosari Kamola  Aminova. — Ta’lim-tarbiya va reabilitasiya jarayonida tarbiyalanuvchilarga  qo‘yilgan tashxis asosida bolalarning imkoniyati, rivojlanish darajasidan kelib chiqqan holda har bir bolaga individual yondashiladi. Yangi qabul qilingan bola o‘z yo‘nalishi bo‘yicha shifokor, psixolog, defektolog ko‘rigidan o‘tkazilib, aynan unga mos individual yo‘nalish ishlab chiqiladi. Bu yo‘nalish bo‘yicha bola tibbiy yordam va ta’lim-tarbiya oladi. Chunki tashkilotimizda aynan bitta tashxisga ega bo‘lgan bolalardan tashqari, bir nechta tashxisli bolalar ham kam emas. Shuning uchun ularni rivojlantirish, kamchiliklarni korreksiyalashda individual yondashuv talab etiladi. 

Mazkur muassasa tarbiyalanuvchisi Zafar Sobitov 3 yoshda. U o‘tgan yilning aprel oyida markazga kelgan. Onasi unga homiladorlik chog‘ida jigar sirroziga yo‘liqdi. Shunday bo‘lsa-da, bolasini dunyoga keltirdi. Farzandi bir yoshu ikki oylik bo‘lganida og‘ir xastalik tufayli hayotdan ko‘z yumdi. Zafar bolalar syerebral falaji, spastik tetraparez bilan tug‘ilgan. Onasi vafotidan so‘ng buvisi qaramog‘ida qolgan. 

— Zafar “Imkon” reabilitasiya markaziga keltirilgan paytida hatto bo‘ynini tuta olmasdi, — deydi maxsus pedagog, defektolog Sohiba Ravshanova. — O‘tirish, emaklash malakasi mutlaqo shakllanmagandi. Nutqi rivojlanmagan, bolada faol harakatlanish cheklangan, diqqati tarqoq edi. O‘tgan vaqt mobaynida harakati bir oz faollashdi. Mashg‘ulotlarga e’tibor qarata boshladi. Umumiy va mayda qo‘l harakati yaxshilandi. Og‘zaki nutqida unli tovushlarning barchasi paydo bo‘ldi. Hozir ba’zi qisqa bo‘g‘inli so‘zlarni talaffuz qilishga harakat qilyapti. Mashg‘ulotlarga ham qiziqishi paydo bo‘ldi. Atrofdagi muloqotga befarq emas. O‘ziga qaratilgan murojaatni tushunadi. Bularning barchasi markazda yo‘lga qo‘yilgan korreksion rivojlantiruvchi ta’lim natijasi, deb o‘ylayman. 

Bu yerda bolalar sog‘lom tengdoshlaridan ajralib qolmasligi uchun ruhiyatiga mos muhit yaratilgan. Mutaxassislar ko‘p yillik tajribaga ega, ular bundan avval ham alohida ehtiyojga muhtoj bo‘lgan bolalar bilan ishlagan.

— Davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini korreksion, pedagogik va reabilitasiya uskunalari bilan jihozlash dasturi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardagi 74 ta ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti 22 milliard so‘mlik jihozlar, jumladan, zamonaviy uskunalar, didaktik materiallar, maxsus o‘yinchoqlar, eshitish qobiliyati cheklangan bolalar uchun zamonaviy eshitish apparatlari, audio mashg‘ulot xonalari uchun zamonaviy reabilitasiya uskunalari, pedagogik va reabilitasiya muolajalarini imkon qadar samarali o‘tkazishga xizmat qiladigan turli trenajyorlar bilan ta’minlandi, — deydi Maktabgacha ta’lim agentligining  boshqarma boshlig‘i Umida Muhiddinova. 

Tengqurlari bilan bir safda

Munisa Abdujalolova 2010-yili tug‘ilgan. Go‘daklik chog‘i noto‘g‘ri emlangani qizning jismi va ruhida o‘chmas iz qoldirdi. Poliomiyelit vaksinasining nojo‘ya ta’siri tufayli ruhiyati buzilgan qizga shifokorlar “gidrosefaliya” tashxisini qo‘ydi. Avvaliga unchalik sezilmagan kasallik maktab yoshiga yetganida yaqqol ko‘zga tashlana boshladi. Shunday bo‘lsa-da, Munisa uyiga yaqin maktabga o‘qishga bordi. Ammo qizning o‘qishga layoqati pastligi, ruhiyatidagi noqislik maxsus parvarish va yondashuvni talab etardi. Shu bois, ota-onasi uni poytaxtimizdagi alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar tahsil oladigan 103-maktab-internatga olib bordi. Munisa shu maktabda o‘qiy boshladi. 
— Kelganida anchagina tortinchoq va ruhan beqaror qiz bugun maktabning eng tartibli o‘quvchisiga aylangan, — deydi maktab-internat direktori o‘rinbosari Saodat To‘laganova. — U hozir o‘zini yaxshi his qiladi. Atrofni yaxshi anglaydi. Bunda maktabda yaratilgan shart-sharoit, optimallashtirilgan maxsus ta’lim dasturlari katta ahamiyat kasb etmoqda. 

Maktab-internatda aqliy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan 283 o‘g‘il-qiz tahsil oladi. Ular ustoz-murabbiylar tashabbusi bilan nafaqat maktab dasturlaridan joy olgan, balki fanlardan tashqari turli buyumlar yasash, duradgorlik, chilangarlik, kashtado‘zlik kabi bir necha hunar sirlarini imkon darajasida o‘rganyapti. O‘quvchilar o‘tgan yili o‘zi yasagan tayyor mahsulotlarni sotish orqali 12 million so‘m daromadga ega bo‘ldi. Mablag‘ning bir qismi o‘quvchilar motivasiyasi uchun o‘zlariga berildi. Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tasarrufida alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 90 ta ana shunday maktab va maktab-internat faoliyat yuritadi. Ularda qariyb 42 ming bola tahsil olyapti, 14,5 mingdan ortiq pedagog ta’lim-tarbiya beradi. 

Prezidentimizning 2021-yil 21-dekabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ko‘plab o‘quvchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. 2022 yili ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar maktab va maktab-internatlari uchun audiokitoblar yaratish rejasi, Brayl yozuvidagi kitoblarni tayyorlash hamda ta’lim muassasalariga yetkazib berish reja jadvali tasdiqlandi. 

O‘tgan yil davomida mazkur reja asosida 12 nomdagi audiokitob yaratilib, foydalanish uchun kitob.uz saytiga joylashtirildi. 40 ming 534 nusxa Brayl yozuvidagi kitoblar chop etilib, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar maktab va maktab-internatlariga taqsimot asosida yetkazildi. 

— O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi tomonidan alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarning ota-onalari uchun 13 nomdagi metodik tavsiyalar ishlab chiqildi, — deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining bolalarni ijtimoiy himoya qilish va inklyuziv ta’limni rivoj lantirish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Ro‘zibek To‘rayev. — 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab inklyuziv ta’lim tizimini bosqichma-bosqich rivojlantirib borish va ko‘lamini kengaytirish maqsadida inklyuziv ta’lim joriy etilgan umumta’lim maktablari soni 195 taga yetkazildi. Mazkur maktablarda tashkil etilgan inklyuziv ta’limga 504 imkoniyati cheklangan bola qamrab olindi. Ularga 248 pedagog biriktirilgan.

Oliy ma’lumot olishdagi sinovlar

Ayni paytda oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan imkoniyati cheklangan talabalar soni 6120 nafar. Ularning sog‘lom tengdoshlari qatori ta’lim olishini ta’minlash uchun sharoit yaratilgan. Jumladan, o‘tgan yili oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi talabalar uchun pedagogika, psixologiya, tarix, matematika, filologiya, biznes va boshqaruv, huquq, xorijiy tillar, sport, fizika, iqtisod, biologiya, kimyo ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv qo‘llanma va dars liklar tayyorlandi. 

— Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori nogironligi bor yigit-qizlar uchun qator imkoniyatlarga yo‘l ochdi, — deydi Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov. — Ushbu qaror qabul qilingunga qadar nogironligi bo‘lgan abituriyentlar sog‘lom abituriyentlar bilan birga kirish imtihonlarida ishtirok etardi. Biroq o‘z-o‘zidan kirish imtihonlari natijasiga ko‘ra, talabalikka qabul qilinishda ularning imkoniyati pasayishi kuzatilardi. 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab ajratilgan alohida davlat granti kvotalariga tanlov faqat nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida o‘tkazilmoqda.

Asadbek Zoirov shunday imkoniyatdan foydalangan talabalardan. Bolaligida olgan jarohati tufayli ko‘zi ojiz bo‘lgan bu yigit hozir universitetda izlanuvchanligi va faolligi bilan ko‘plab sog‘lom tengdoshlariga o‘rnak. U turli tanlovlar g‘olibi, jumladan, Alisher Navoiy nomidagi hamda Prezident davlat stipendiyasi sohibi. 

— 2019-yili davlat granti kvotasi asosida o‘qishga kirganman, — deydi O‘zMU 4-bosqich talabasi Asadbek Zoirov. — O‘qishga kirgan chog‘imdayoq darhol yotoqxona bilan ta’minlandim. Kursdosh hamrohim ko‘magida hech qanday qiyinchiliksiz darslarga borib kelaman. Sog‘lom tengdoshlarimiz qatori mashg‘ulotlarda qatnashamiz. Ammo ko‘p bilim olish uchun ma’ruzaning o‘zi yetarli emas. Universitetda ko‘zi ojiz talabalar boshqa OTMlardagiga nisbatan ko‘proq. Ular, tabiiyki, elektron yoki bosma nashrlarni o‘qiy olmaydi. Shu bois, bizga audioyozuvlar qo‘l kelmoqda. O‘qituvchilarimiz, kursdosh do‘stlarimiz yordamida audiodarsliklarni tinglab, mashg‘ulotlarga tayyorgarlik ko‘ramiz. Universitet qoshida maxsus studiya tashkil etib, audiodarsliklar yaratish bo‘yicha rahbariyatga takliflar kiritganmiz. Rejalarimiz amalga oshsa, imkoniyatimiz yana ham kengayadi. 

Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash ham davlat e’tiborida. 2021/2022 o‘quv yilida mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarini 660 nafar I-II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar tamomlagan edi. O‘tgan yili noyabr oyi holatiga ko‘ra, ularning aksariyati ishlamoqda.

Oliy ta’lim muassasalari binolarining ichki va tashqi yo‘laklarida tayanch-harakat apparatida nogironligi bo‘lgan talabalarning xavfsiz harakatlanishi uchun kirish joylarida me’yoriy talablarga mos pandus, tutqich, maxsus (taktil plitkali) yo‘laklar va yuqori qavatlarga ko‘tarilish uchun lift, ko‘tarma yo‘laklar o‘rnatilgan. Qariyb uch ming nafar nogironligi mavjud bo‘lgan talaba turar joy bilan to‘liq ta’minlangan. Shuningdek, turar joyda yashash uchun to‘lovlardan ozod etilgan. 

Hayot sifatiga qaratilgan tadqiqotlar

— Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida tibbiy-ijtimoiy muassasalar faoliyatiga doir muammolarning ilmiy yechimiga qaratilgan 5 ta ilmiy loyihaning tematik mavzular ro‘yxati o‘zaro tasdiqlanib, loyihalar tanlovining 74-turida e’lon qilindi, — deydi Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligining ilm-fan va innovasion faoliyatni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Otajonov. — “Malakali sportchilar hamda imkoniyati cheklangan shaxslar velosipedda virtual mashg‘ulotlar o‘tashi uchun “Virtual training in cycling” texnologiyasini ishlab chiqish”, “Umurtqa pog‘onasi va orqa miya jarohatlari hamda kasalliklariga uchragan bemor va nogironligi bo‘lgan shaxslarni tashxislash, davolash va kompleks reabilitasiya qilishda kaminvaziv texnologiyalarni ishlab chiqish”, “Oyoq cho‘ltoqligi bo‘lgan bemor va nogironligi bo‘lgan shaxslarni protezlashda erta protezlashning yangi texnologiyasini ishlab chiqish” kabi qator mavzulardagi ilmiy loyihalar natijasida sohada yangi dastur va uslublar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilishi rejalashtirilgan. 

Bulardan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlashga qaratilgan 300 million so‘m qiymatidagi 3 ta startap loyiha hamda 800 million so‘m qiymatidagi 1 ta ilmiy loyiha amalga oshirilgan.

“Ko‘zi ojizlar uchun innovasion relyefli xaritaning yangi avlodini yaratish”, “Nogironlar uchun minikran” startap loyi halari hamda “Ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar uchun elektron “Brayl gadjet”ning prototipini yaratish” ilmiy loyihasi shular jumlasidan. 

— Oldinda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ham ko‘p, — deydi Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi bo‘lim boshlig‘i Salohiddin Sanaqulov. — Nogironligi bo‘lgan talaba-yoshlar turli ko‘rik-tanlov va sport musobaqalarida boshqalar singari o‘z iqtidor va qobiliyatini, bilimini namoyish qilishda teng imkoniyatga ega emas. Shu bois, ular uchun alohida ko‘rik-tanlov va sport musobaqalarini tashkil etish lozim. Bu ularning alohida qobiliyat va iqtidorini namoyon etish, munosib qo‘llab-quvvatlash hamda kelgusida paralimpiya o‘yinlarida faol ishtirok etishi uchun ham xizmat qiladi.

Shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan talabalarning hayotda o‘z o‘rnini topib ketishi, nogironlik darajasi va toifasiga ko‘ra mavjud qiyinchiliklarni yengishi bilan bog‘liq jarayonlarni qamrab olgan hamda ularga ijtimoiy-psixologik ko‘maklashishga mo‘ljallangan ilmiy-amaliy, o‘quv-uslubiy adabiyotlarni ishlab chiqishda ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va o‘zlashtirish, nogironlarga ko‘maklashuvchi axborotlar bazasining milliy kontentini yaratishga ehtiyoj mavjud. 

Nogironlik darajasi va turidan kelib chiqqan holda, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish ishlarini amalga oshirish maqsadida ilmiy tadqiqot olib boruvchi mutaxassis-olimlar guruhini shakllantirish va nogironlarga ijtimoiy-psixologik ko‘maklashishga mo‘ljallangan ilmiy-amaliy, uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish hamda nogironlarga ko‘maklashuvchi axborotlar bazasining milliy kontentini yaratish oldimizda turgan muhim vazifadir. 

Bu jarayonga nodavlat notijorat tashkilotlar, mahalliy hamda xalqaro grant loyihalarini jalb etish rejalashtirilayotgani imkoniyati cheklangan insonlarning hayot sifatini yaxshilash, ularning boshqa sog‘lom insonlar qatori turmush kechirishini ta’minlashdek ezgu maqsadni ko‘zda tutadi. 

Risolat MADIYEVA, 

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri