“Moziygʻa qarab ish koʻrmak xayrlidir.”
Abdulla Qodiriy
Kechagi Oʻzbekistonning bugunga yuz tutishi, ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy jihatdan yuksalish bosqichiga koʻtarilishi oson boʻlmadi. Oʻtish davridagi murakkab va tahlikali davrlarni yodga olar ekanmiz, yaqin tariximizda sodir boʻlgan, Turkiston oʻlkasini vasallik uyqusidan “uygʻotib” yubora olgan milliy-ozodlik harakatlari toʻlqini xususida alohida toʻxtalmoq joizdir.
Mustabid tuzum ichida turib, istiqlol bayrogʻini dadil tuta olgan, erksizlikka murosasiz boʻlgan milliy ozodlik kurashi boshchilarining asl maqsadi xalqimizdan yashirildi. Ularning yurt ozodligi, millat erki yoʻlida olib borgan milliy kurashi, istiqlolchilik harakatlariga “bosmachilik harakati” deya nom berilib, elimizning sheryurak qahramonlariga “bosmachi” tamgʻasi bosildi. Mazkur tarixiy davr 1918—1934-yillarni oʻz ichiga olsada, 16 yil davom etgan kurash - millatga ozodlik, hurlik, mustaqillikka munosib ekanligini namoyon qildi va butun Turkiston eli ongiga uzoq yillar kuchli taʼsir etdi.
Tarixning achchiq haqiqati sifatida millatning yetakchilari magʻlub boʻlgani barchaga ayon. Lekin ushbu milliy-ozodlik kurashi asoschilari, jasur lashkarboshilar, mard qoʻrboshilar janglarini, mustamlakachilarning qanday vahimaga tushganliklarini, Vatan tuprogʻi uchun mardonavor kurashish ibratini tarix unutmaydi. Zero, “Oyni etak bilan yopib boʻlmas deydi” - dono xalqimiz. Oʻtgan asrning oʻttizinchi yillari qaʼriga yashiringan haqiqat bugun avlodlar koʻz oʻngida ochilmoqda.
Tarixiy hujjatlarda aks etgan, qatagʻon qurboniga aylangan shaxslarning ayanchli qismati, ularga va oilalariga nisbatan qilingan zoʻravonlik holatlari istiqlol tufayli keng oʻrganildi. Ular haqida koʻplab maʼlumot va dalillar keng ommaga taqdim etildi. Xususan, hukumat qarorlari, Prezident farmoni asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayonida ana shunday fidoyi kishilar shaxsi aniqlandi. Ayrim sabablarga koʻra reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan, hozirgi kunga qadar oqlanmagan qatagʻon qurbonlari nomlari roʻyxati 2021-yil 7-yanvar kuni Oliy sudga taqdim qilinib, oqlash yuzasidan taklif kiritilgan edi.
Ayni kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudida qatagʻon davrida turli ayblovlar bilan qamalgan, otuvga hukm qilingan shaxslarga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari apellyatsiya sudida koʻrib chiqilayotgani, 115 nafar shaxsning oqlanganligi bu – buyuk bir tarixiy voqelikdir. Toʻgʻri, ushbu adolat sud qarorlariga rasman koʻchguncha yillar oʻtdi, lekin qatagʻon qurbonlarining mamlakat ozodligi yoʻlida toʻgʻri yoʻldan borganliklarini, ular millatning faxri ekanliklarini xalqimiz oʻsha paytning oʻzidayoq chuqur anglagan va kurashchilar ortidan ergashgan. Shu bois, xalq ogʻzaki ijodida harakat yetakchilariga atalgan ertaklar, dostonlar, sheʼr va qoʻshiqlar mavjud. Milliy-ozodlik harakati namoyondalari oʻz jasoratlari bilan birgina bizning xalqimizda emas, balki boshqa ellarda ham ardoqlanadi. Masalan, oʻz paytida Dushanbeda ularga atab haykal oʻrnatilgan.
Bizning “bosmachi” deya qoralangan ozodlik sarkardalari, mard oʻgʻlonlarimiz aslida millatning boshchilari ekanligini, yurtimizda hukmron boʻlib olgan bosqinchilarga Vatan egasi kim ekanligini oʻz jasoratlari bilan qanday namoyon etganliklarini endi yoshlar yaxshi biladi.
Ayniqsa, Fargʻona vodiysi milliy-ozodlik kurashining ilk oʻchogʻi sifatida dastlabki yetakchilarga makon boʻlgani, vodiydagi qurolli harakatning Oliy bosh koʻmondoni Shermuhammadbek boshchiligidagi yengilmas lashkarboshi oʻgʻlonlarning shu zamindan yetishib chiqqani fargʻonaliklarga oʻzgacha gʻurur bagʻishlaydi. “Turkiston – turkistonliklar yurtidir. Boshka hech kim unga egalik kilishga haqqi yoʻq!” degan soʻzlarni shior qilib, mustaqillik sari olgʻa qadam bosgan kichik va katta Ergashlar, Muhammad Aminbek, Omon Pahlovon, Jonibek Qozi, Mahkam Xoji, Isroilbek, Ahmad Polvon, Rahmonquli, Islom Pahlavon singari istiqlolchilarimiz oʻsha davrning oʻzida “Yangi Oʻzbekiston”ning poydevoriga asos solganlar.
Shuningdek, istiqlolchilar haqida soʻz borar ekan, sovet hokimiyatiga qarshi olib borilgan harakat boshchisi, Turkiston muxtoriyati hukumati maorif vaziri lavozimida faoliyat yuritgan yirik ulamo - Nosirxon Toʻra Said Kamolxon Toʻra oʻgʻlining harakatlari xususida alohida toʻxtalib oʻtish zarur. Nosirxon Toʻra Said Kamolxon Toʻra - Turkistondagi milliy-ozodlik kurashlarining gʻoyaviy rahbarlaridan biri boʻlgan. U maʼrifatparvarligi, vatanparvarligi hamda adolatliligi bilan oʻz atrofida koʻplab ziyolilarni birlashtira olgan. U umrining oxiriga qadar millat va yoshlar taqdiri, Vatan istiqboli uchun intilishdan toʻxtamadi. Bosqinchilarning turli taʼziyqlari, taʼqiqlari, tahdidlariyu surgunlari Nosirxon Toʻraning gʻururi va erkini sindira olmadi. “Turkistonning Rossiyadan ajraluvini tezdan eʼlon qiluv kerak” degan qatʼiy qaror uning hayotiy shioriga aylanib, mamlakatda butun maorif sohasini oʻzgartirish, tizimda yangi islohotlarini amalga oshirishday ezgu ishlarni rejalashtirgan.
Bugun Prezidentimiz boshchiligida istiqlol kurashchilari shaʼni, nomini oqlashga qaratilgan ezgu ishlarning amalga oshirilayotgani hamda buning ijrosi milliy qonunchiligimizda qaror topayotgani quvonarlidir.
Davlatimiz rahbarining 2020-yil 8-oktyabrdagi “Qatagʻon qurbonlarining merosini yanada chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishi asosida Fargʻona davlat universitetida ham ishlar jadal olib borilmoqda.
Mustabid tuzum davrida qatagʻon qilingan ajdodlarimiz xotirasini tarixiylashtirish, ularning faoliyati va merosini yoshlarga oʻrgatish, Vatanimiz mustaqilligi, xalqimiz erkinligi yoʻlida mardonavor kurash olib borgan millat qahramonlari tarixini keng jamoatchilikka yetkazish ishlari uchun universitetda tarixchi olimlar, professorlar boshchiligida alohida targʻibotchilar guruhi shakllantirilgan. Qatagʻon qurbonlari nomini abadiylashtirish, ularning jasoratli tarixi misolida yoshlarni Vatanimiz va xalqimizga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, qatagʻon davriga oid tarixiy maʼlumotlarni xolis va haqqoniy oʻrganish maqsadida tashkil etilgan Fargʻona davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatagʻon qurbonlari” xotira muzeyi faoliyati yildan-yilga kengaytirib borilmoqda. Quvonarlisi shundaki, endilikda muzeyga faqatgina talaba-yoshlar emas, viloyatdagi tumanlar aholisi, uyushmagan yoshlar tashrif buyurmoqda. Ushbu muzeyga mustamlakachilik davridan tortib, mustaqillik davriga oid boʻlgan ikki yarim mingga yaqin noyob tarixiy hujjatlar keltirilgan boʻlib, hozirda Turkistondagi jadidchilik harakati, milliy-ozodlik uchun kurashgan namoyondalar, ushbu kurashlarda ahamiyatga ega boʻlgan shaxslar nomlari aniqlanib, boyitib borilmoqda. Koʻplab tarixchi yosh olimlarimiz qatagʻon qurbonlari tarixi toʻgʻrisida ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar. Universitetning matbuot xizmati va media guruhi tomonidan qatagʻon qurbonlari hayoti va faoliyatini atroflicha yoritib beruvchi maqolalar, ijtimoiy video-roliklar tayyorlanib, rasmiy saytda, kanllar va guruhlarda, ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarga havola etilmoqda.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, biz erishgan bugungi farovon hayot, mustaqil Vatan, birdam boʻlgan xalq, osuda kunlar qurbonlarsiz bunyodga kelmagan. Fikrimcha, bu borada jadidchilarimizning buyuk namoyondasi - Abdulla Qodiriyning “moziygʻa qarab ish koʻrmak xayrlidir”, - degan ibratli jumlalarini eslash kifoya. Jaholatga qarshi kurashish, millat shaʼnini himoya qilish orqali mustamlaka boʻlgan Turkistonni dunyoning taraqqiy etgan mamlakatlari safida koʻrishni orzulagan ajodlarimiz bugun oʻz maqsadlariga erishdilar. Endilikda bizning - bugungi kun egalarining zimmasida ajdolarimiz asriy orzularini roʻyobga chiqarish, tinchlik hukmron boʻlgan zaminni asray olish, oʻz intilishlari, islohotlardagi ishtiroki, tashabbuslari orqali yoshlarga kimlarning avlodi ekanligini anglatishday kuchli vazifa borligini unutmasligimiz darkor!
Zero, endilikda “Yangi Oʻzbekiston” kelajagiga janglarsiz, qurbonlarsiz halol mehnat va kuchli salohiyat bilan hissa qoʻshish uchun bizda kuch ham, zakovat ham, imkoniyat ham yetarli!
Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,
Fargʻona davlat universiteti rektori,
pedagogika fanlari doktori