Maqolada N. Tursunqulovaning faoliyatiga oid qiziqarli maʼlumotlar keltirilgan.
Nigora Akmal qizi Tursunqulova 1999-yil 4-aprel kuni Jizzax viloyatida tugʻilgan. Taekvondo sportiga akasi orqali qiziqib qolgan va hozirda terma jamoamizning yetakchi vakillaridan biri. Birinchi va hozirgi murabbiyi Dmitriy Xvan.
Nigora 2012-yil Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasiga qabul qilindi va shundan beri yoshlar, soʻngra kattalar terma jamoasida oʻz oʻrniga ega boʻldi. Faoliyati davomida qoʻlga kiritgan asosiy yutuqlaridan biri “Rio – 2016” Olimpiya oʻyinlaridagi ishtiroki deyishimiz mumkin. 17 yoshida Olimpiya oʻyinlariga yoʻl olgan taekvondochimiz “Rio – 2016”da delegatsiyamiz tarkibidagi eng yosh sportchi edi. Olimpiada esa yosh boʻlishiga qaramay chorak finalgacha yetib keldi.
2017-yil Boku shahrida oʻtgan Islom birdamligi musobaqasida bronza medali sohibi boʻldi. 2018-yil esa Osiyo chempionatida oltin, Osiyo oʻyinlarida bronza medalini delegatsiyamiz hisobiga qoʻshib qoʻydi. 2019-yil Butunjahon harbiylar oʻyinlaridan kumush medal bilan qaytdi.
Sportdan tashqari ijtimoiy va boshqa sohalarda ham faol boʻlgan taekvondochimiz hukumatimiz tomonidan “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti va “Oʻzbekiston belgisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan.
2021-yil may oyida Iordaniyaning Amman shahridagi litsenzion musobaqa orqali 67 kilogramm vazn toifasida “Tokio – 2020” Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma oldi, deb xabar beradi OʻzA.