Buyuk mutafakkir Mir Alisher Navoiy haqida gap ketganda sevimli shoirimiz Erkin Vohidovning “Oʻzbegim” qasidasidagi “...Lek Navoiydek bobom bor, Koʻksi osmon, oʻzbegim” degan misralari yodga tushadi.

Yana Hazrat Navoiy “millatimiz quyoshi” deb ham ulugʻlanadi. Buning maʼnosini tushunish, magʻzini chaqish uchun esa allomaning hayot va ijodini chuqur oʻrganishimiz, farzandlarimizga oʻrgatishimiz zarur. Navoiyshunos olimlarimizning “Navoiyni oʻqigan millat aslo kam boʻlmaydi” deganlarida ham ayni shu haqiqat mujassam. Oʻz ijodi bilan dunyoga dong taratgan Alisher Navoiy nafaqat “Xamsa”, “Xazoyin ul-maoniy”, “Muhokamat ul-lugʻatayn”, “Hayrat ul-abror”, “Navodir un-nihoya”, “Munshaot” kabi betakror asarlari, balki ibratli hayoti, ulugʻ insoniy fazilatlari bilan ham biz avlodlarga salkam olti asrdan buyon saboq berib keladi.

Buyuk shoirga bagʻishlangan barcha nasr va nazm namunalarini oʻqiganimizda har nafasda ulugʻ insonga boʻlgan samimiy muhabbatni sezib, his etamiz. Oʻzga millat vakillarining Navoiy asarlarini sevib oʻqishlari, uning ijodiga oʻzgacha qiziqish, shaxsiyatiga chuqur hurmat bilan qarashlari ham bor gap. Shunday ekan, har birimiz Navoiy singari butun dunyo ahli mehru eʼtiboriga sazovor boʻlgan ajdodlarimizga munosib boʻlish tuygʻusi ila ularning bizga qoldirgan merosini oʻrganish, mutolaa qilishni oʻz avlodlik burchimiz deb bilishimiz lozim.

Zotan, Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek: “Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida oʻrin tutadi”.

Darhaqiqat, bugunga qadar Alisher Navoiy ijodiga bagʻishlangan tadbirlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, ijodiy uchrashuvlar muntazam oʻtkazib kelinayotgan boʻlsa-da, yosh avlod Navoiyni anglashi uchun bu kabi saʼ-harakatlar yetarli emas. Navoiyshunos olimlarimiz taʼkidlaganidek, farzandlarimizni bogʻcha yoshidan, eng ziyraklik davridanoq ularga Navoiyni oʻrgatishimiz, uning boy adabiy merosi mazmun-mohiyatini uqtirishimiz kerak.

Uning asarlari asosida qiziqarli kino, sahna asarlari, bolajonlar uchun multfilmlar yaratilishi kerak. Demak, bu borada madaniyat va sanʼat sohasi vakillari, tizim tashkilotlari xodimlari zimmasida ham ulkan masʼuliyat turibdi. Oʻylaymizki, soha xodimlari ana shu masʼuliyatni chuqur anglab, buyuk ajdodlarimiz shaxsiyati va adabiy merosiga faqatgina biror sana munosabati bilan yuzlanmasdan, yil davomida oʻqib, oʻrganib, oʻrgatib, namoyish etib borishadi.

Shundagina kelgusida oʻz tarixini chuqur biladigan, yuksak maʼnaviyatli, madaniyatli, ilm-maʼrifatli, millatparvar avlodni ulgʻaytirishga hissador boʻla olamiz.

Barchangizga, bugungi qutlugʻ sana – buyuk mutafakkir Mir Alisher Navoiy tavalludining 581-yilligi muborak boʻlsin!

Ozodbek Nazarbekov,
Madaniyat vaziri