“68 kg vazn toifasida Ulugʻbek Rashitov finalda Zaid Karimga qarshi dayanga chiqdi va ikkala raundda ham gʻalabaga erishib Osiyo chempioniga aylandi!”, deya xabar berdi Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi matbuot xizmati.

Rashitov musobaqani nimchorak finaldan boshladi va falastinlik Fahid Abdulrazoqni 2:0 hisobida taslim qildi. Chorak finalda moʻgʻulistonlik Engbold Buyanshagai 2:0 hisobida magʻlub etildi. Yarim finalda Rashitov eronlik Bozorgishob Darialni taslim qildi - 2:0.

Shuningdek, 53 kg vaznda oʻzbekistonlik Charos Qayumova musobaqa finaliga qadar yetib bordi. Eronlik Nahid Kiyanichandehga qarshi final bahsida musobaqani jarohat bilan oʻtkazgan Charosga biroz omad yetishmadi - 0:2. Shunday qilib, Charos Qayumova Osiyo chempionati kumush medalini qoʻlga kiritdi.

Eslatib oʻtamiz, Qayumova oʻz ishtirokini chorak finaldan boshlagandi. Bu bosqichda taypeilik Xuang Shix Yuan taslim etildi - 2:0. Yarim finalda esa Qayumova Saudiya Arabistonilik Dunya Abu Talebni magʻlub etgandi - 2:0.