Viloyatda klaster asosida bu yil 100 ming tonna baliq yetishtirish rejalashtirilgan. Lekin Ulugʻnordagi Katta Andijon kanalida 1,5 ming gektar sunʼiy koʻl qarovsiz turibdi.

Ushbu imkoniyatlarni ishga solish, bunga 100 milliard soʻm kreditlar yoʻnaltirish topshirildi.

Viloyatda parranda goʻshti yetishtirishni kengaytirish maqsadida 1,5 million bosh parranda boqish quvvatiga ega 20 ta korxona ishga tushirilishi belgilandi. 

Ulugʻnor va Boʻstonda 2 ta yirik sutni qayta ishlash korxonasi tashkil qilinadi. Uy va chorva xoʻjaliklarida naslni yaxshilash boʻyicha yangi tizim yaratish muhimligi taʼkidlandi.

Oziq-ovqat sanoatiga xorijiy brend korxonalarini jalb qilib, 342 ta loyihaga 220 million dollar ajratilishi aytildi.

Andijon, Ulugʻnor va Jalaquduqda meva-sabzavotni qayta ishlash quvvatlarini koʻpaytirish, Andijon tumanida yirik agrologistika markazini qurish yuzasidan ham mutasaddilarga koʻrsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari Marhamatdagi pillachilik klasteri Andijonning barcha tumanlari va respublikaning boshqa viloyatlariga namuna boʻlganini qayd etdi.

Klaster 30 gektarda yuqori hosilli tut ekib, koʻchat va xizmat koʻrsatishdan yiliga 25 million dollar eksport qilmoqda, yapon texnologiyasi asosida 37 million dollarlik ipakchilik kompleksini barpo qilmoqda.

Ushbu tajribani yoyish, barcha tumanlarda kamida 3 gektardan hosildor tut ekish lozimligi qayd etildi.