Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida Umra tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq yangi tartiblarni belgiladi.
Hukumatning shu yil 9-oktyabr kungi qarori bilan Din ishlari boʻyicha qoʻmita litsenziyasining bir qator talab va shartlari eʼlon qilindi.
Jumladan, Umra tadbirlarini tashkil etuvchilar 1 million dollar mablagʻni “Ziyorat jamgʻarmasi”ga zaxira qilib qoʻyishlari shart.
Qarorda, shuningdek:
- ziyoratchilarning guruh rahbari etib Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida diniy bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassisni tayinlash;
- turfirma shtatida diniy (islomiy) taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha bir nafar mutaxassisning mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
- voyaga yetmagan fuqarolarga xizmat koʻrsatmaslik; oʻz faoliyatini turoperator va turagentlar orqali amalga oshirmaslik kabi talablar ham belgilangan.
Bundan tashqari, yangi hujjatda:
- Umra xizmatlari Saudiya Arabistoni podshohligidagi hamkor tashkilot oʻrtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish va ular koʻrsatadigan xizmatlar uchun toʻlovlarni bank muassasalari orqali amalga oshirish;
- ziyoratchilarga sifatli xizmat koʻrsatish, xususan oʻz vaqtida tibbiy xizmat koʻrsatishni taʼminlash;
- xalqaro yoʻnalishda 2-yildan kam boʻlmagan tajribaga ega, bu davrda yoʻlovchi tashishning xalqaro va milliy qonunchilik talablarini buzmagan aviakompaniya bilan hamkorlik qilish;
- ziyoratchilarni toifasi 3 yulduzdan kam boʻlmagan mehmonxonalarga joylashtirish; Umra xizmatini 3-davlatlar orqali koʻrsatmaslik singari yana bir qator shartlar ham nazarda tutilgan.
Eslatib oʻtamiz, eski litsenziyalar bilan Umra ziyoratlarini tashkil etish 2024-yil oktyabrgacha belgilangandi.