Bugungi globallashuv jarayonlarida telekommunikatsiya orqali uzatiladigan axborot jamiyat rivojining eng muhim omillaridan biridir. U odamlar orasidagi munosabatlarni taʼminlovchi qudratli vositaga aylandi. Shu bois, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, umuman, jamiyatning axborot uzatish tezligi hamda sifatiga boʻlgan talablari soat sayin oshib bormoqda. Mazkur yoʻnalishda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan ishlarning tahliliy xulosasi esa bu borada ijobiy natijalarga erishilayotganligini tasdiqlaydi. Prezidentimizning “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 6079-sonli Farmoni hamda “Inson qadri” tamoyili zamiridagi ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish har bir soha korxonalari oldida turgan asosiy vazifalardan biridir.

Taʼkidlash kerakki, oʻtgan yillar davomida “Oʻzbektelekom” AK tomonidan ham ushbu maqsadlarga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, aholini yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻi bilan taʼminlash uchun mamlakatdagi mavjud infratuzilmani zamonaviylashtirish maqsadida 2021-yilda 50 ming km.dan ziyod optik tolali aloqa liniyalari qurildi. Joriy yilda bu koʻrsatkichni 60 ming km.ga yetkazish belgilangan. 2026-yilga qadar esa barcha aholi yashash maskanlarini yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻi bilan toʻliq qamrab olish rejalashtirilgan. Birgina 2022-yilning 1-choragiga nazar solsak, butun respublika boʻylab 12 072 km optik tolali aloqa liniyalari tortildi, bu ayniqsa, internet xizmatlarining eng olis va chekka hududlarga ham sifatli uzatilishiga xizmat qiladi.

Yuqorida taʼkidlanganidek, mamlakatimizda telekommunikatsiya tarmogʻini rivojlantirish va Internetdan foydalanish tezligini oshirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Kompaniya isteʼmolchilarning koʻplab murojaat va istaklariga tayangan holda, oʻz abonentlarini oxirlovchi qurilma bilan taʼminlash aksiyasini mart oyida qaytadan yoʻlga qoʻydi. Demak, 2022-yilning 30-iyuniga qadar “Internetga ulaning va Wi-Fi routerga ega boʻling!” aksiyasi quyidagi shartlar bilan taqdim etilmoqda. “YANGI-3”, “YANGI -4”, “YANGI -5” tarif rejalarida Internet xizmatlariga ulansangiz sizga Wi-Fi-router bepul taqdim etiladi, 12 hisobot davri mobaynida tarifni oʻzgartirmasdan faol holda foydalansangiz mazkur router sizning mulkingizga oʻtadi.

Shuningdek, UZTELECOM milliy operatori esda qoladigan raqamlarni yangi +998 77 operator kodi bilan taqdim etishni ham yoʻlga qoʻydi.

Taʼkidlash joiz, “Oʻzbektelekom” AK xalqaro aloqa xizmatlarini ham takomillashtirib bormoqda. Ayni kunlarda Umra va Haj safarlarini amalga oshiruvchi ziyoratchilar uchun xalqaro rouming xizmatining maxsus paketlarini ham ishga tushurdi.

Tabiiyki bunday safarlar davomida abonentlar koʻproq aloqada qolishlari zarur. Ushbu xizmat Saudiya Arabistoni operatori orqali yoʻlga qoʻyilgan. Xalqaro rouming xizmati isteʼmolchilarga qulay internet paketlarini ham taqdim etib kelmoqda. Demak, bu xizmatlardan foydalanayotgan abonent sim-kartasini almashtirishi shart emas.

Abonentlar Internet trafigi va daqiqalarni oʻz ichiga oluvchi maxsus paketlarni faollashtirib, roumingda mobil aloqa xizmatlaridan 4-6-marta arzonroq foydalanish imkoniyatiga ega boʻladilar. Shuningdek, faqat Internet-trafikni oʻz ichiga olgan yangi paketlarni faollashtirilganda esa Internet xizmatlariga standart tariflardan 8-martagacha arzonlashtirilgan aloqadan foydalanishlari mumkin.

“Oʻzbektelekom” AK faoliyati davomida muntazam ravishda davlat ahamiyatiga molik ijtimoiy tadbirlarni hamkor sifatida qoʻllab-quvvatlab keladi. Xususan, 2022-yilning 1-choragi mobaynida ham bir qator davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda respublika darajasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqoti, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligining koʻrgazmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy bayramlari hamda Toshkent xalqaro investitsiya forumi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarning harbiy xizmatchilari oʻrtasida qoʻl jangi buyicha Qurolli Kuchlar birinchiligining tashkil etish va oʻtkazish   kabi umumiy 8 ta iqtisodiy va ijtimoiy tadbirlarning samarali oʻtkazilishida hamkorlik asosida LED – ekranlar va telekommunikatsiya xizmatlari bilan taʼminlanishiga oʻz hissasini qoʻshdi.

Guvohi boʻlganingizdek, axborot texnologiyalari kundalik hayotimizning deyarli barcha sohalarini qamrab olmoqda. Mamlakatimizda “Raqamli iqtisodiyot” va “Elektron hukumat”ning rivojlanishi odamlarning ogʻirini yengil qilish barobarida, davlat xarajatlarini qisqartirish, korrupsiyaning oldini olish, onlayn toʻlovlar orqali odamlarning vaqtini tejash imkoniyatini yaratadi.