She’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy “Hayratul abror” asarida mahalla haqida so‘z yuritib, uni “shahar ichra shaharcha” deb ataydi:

“Shaharlar otini mahallot etib,

Bo‘ldi chu yuz shahar Hiri ot etib”.

Shuningdek, “Vaqfiya” asarida mutafakkir o‘zi yashagan mahallada ko‘plab xayriya ishlarini amalga oshirgani bayon etiladi. Navoiy o‘z hisobidan mahallasida masjid, madrasa va maktab qurdigan. Ariqlar qazdirib, mahallani bog‘u bo‘stonga aylantirgan. Uning homiyligida mahalla yo‘llari ta’mirlanib, ariqlar ustiga mustahkam ko‘priklar bunyod etilgan.

Sohibqiron Amir Temur “Tuzuklar”ida jamoa bo‘lib yashash, hududlarda odamlarning bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihatlikda hayot kechirishini yagona tizimga solgani, qat’iy qonun-qoidalari va bu boradagi tajribalarining ijobiy jihatlarini bayon etadi:

“Amr qildimki, urush kunlarida va saltanat ishlarini boshqarishda mingboshiing hukmi yuzboshiga, yuzboshiniki o‘nboshiga, o‘nboshiniki qo‘l ostidagilarga joriy etiladi. Agar bu tuzukka qarshilik qilsalar, jazoga tortilsinlar”.

Intizom, rahbar topshirig‘iga rioya qilish va vazifalarni o‘z vaqtida bajarish sharqona boshqaruv asosi hisoblangan. Bu, o‘z navbatida, fuqarolarning jamiyat hayotida o‘rni borligini, unda kechayotgan hodisalarga daxldorligini bildirib, tashqaridan keladigan xatarlarga qarshi bir jonu bir tan bo‘lib, qat’iy tartibda birlashishiga xizmat qilgan. Amir Temur fuqarolarni umummanfaat atrofida birlashtirishning eng adolatli yo‘lini topgani uchun ham uzoq hukmronlik qilgan. Shak-shubhasiz, uning ming-minglab qo‘shinlari ortida minglab oilalar, mahallalar hamda o‘z rahbaridan mehru shafqat, adolatu himoyat ko‘rgan xalq turgan. Aynan shu birlashuv Amir Temur g‘alabalariga zamin yaratgan.

Abu Nasr Forobiy bunday yozadi: “Har bir inson o‘z tabiati bilan shunday tug‘ilganki, u yashash va oliy darajadagi yetuklikka erishmoq uchun ko‘p narsalarga muhtoj bo‘ladi. U bir o‘zi bunday narsalarni qo‘lga kirita olmaydi, ularga ega bo‘lish uchun insonlar jamoasiga ehtiyoj tug‘iladi”.

Demak, inson davraga intiladi, atrof-muhit bilan hamnafas yashaydi. Uning moddiy jihatdan kamchiligi bo‘lmasligi mumkin, ammo moddiyat uning tom ma’nodagi baxtini ta’minlay olmaydi. U ruhiy madadni, quvvatni odamlardan oladi. Inson jamiyatdan o‘ziga ruhiy sheriklar, ma’naviy fikrdoshlar topadi.

Tarix sahifalarini varaqlaganimizda, insoniyat bundan uch ming yillar oldin ham yagona e’tiqod ostida birlashib, jamoa bo‘lib yashaganini ko‘ramiz. Mahalla tushunchasining o‘sha zamonlardayoq ildiz otganiga amin bo‘lamiz. Og‘ir kunlarda elkadosh bo‘lib sinovlardan o‘tish, baxtli kunlarni birgalikda yaratish, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni bamaslahat hal etish, soliq tayinlash va yig‘ish, dushman bostirib kelganda safarbarlik e’lon qilish, g‘animlar bilan sulh tuzish, to‘qnashuvlarni to‘xtatish va urushlarning oldini olish uchun ham bir yoqadan bosh chiqarib, mahalla bo‘lib yashash tajribasi mavjud edi. Miloddan avval tashkil topgan Qang, Davon davlatlarida bu tuzilma oqsoqollar kengashi sifatida faoliyat yuritgani tarixiy manbalarda o‘z aksini topgan.

Shonli tariximiz ko‘rsatadiki, bir maqsad atrofida birlashish bizga ota meros, bobo meros bo‘lib kelgan. Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi mahalla tizimida inson qadrini oliy o‘ringa ko‘tardi. Yurtimizda fuqarolar manfaatlari har narsadan ustun. Milliy qadriyatlar asosiga qurilgan va yuksalayotgan jamiyatimizda axloqiy fazilatlarimizning barchasi kelajak avlodga singdirilishi kerak. Shuning uchun ham bizda “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, degan gap bor.

Bizning har birimiz yetti mahalla yoshlarining tarbiyasiga ma’naviy javobgarmiz, mas’ulmiz. O‘z vaqtida oilamizda kamol topayotgan farzandlar mahalla, qo‘ni-qo‘shnilar bilan munosabatda shakllanadi. Aqlini taniy boshlagach, mahalladagi tengdoshlari davrasidan ruhiy andoza oladi. Uning axloqiy tarbiyasiga mahalla muhiti kuchli ta’sir o‘tkazadi. Har bir mahallaning faxri bo‘lgan izzatli insonlari bor. Odamlari mehnatkash, ma’rifatli, halol, mehrli va sabrli mahallalardan fayz arimaydi. Aynan o‘sha mahallalar odamlari kambag‘al bo‘lmaydi, o‘ziga to‘q yashaydi. Baraka eng avvalo qat’iy tartib, mehru oqibat, bir-birini ayash, tushunish, qo‘llab-quvvatlash va bir musht bo‘lib birlashishdadir.

Azaldan hunarmand odamlar yashaydigan go‘shalar obod bo‘lgan. Ya’ni odamlarni mehnat, hunar va ma’rifat birlashtirgan. Mahallalarning nomlari ham aholi shug‘ullangan hunarmandlik turi bilan atalgan. Masalan: Temirchilar, Kosiblar, Naqqoshlar, Kashtachilar, To‘qimachilar, Arqonchilar, Nonvoylar, Patirchilar, Qandolatchilar, Egarchilar, Zargarlar, Zarduzlar, Telpakfurushlar, Chilangarlar kabi. Qishloq joylardagi to‘kinlikni ham birgalikda qilingan mehnat, hunarni qizg‘onmaslik kabi olijanob fazilatlardan ko‘rish mumkin.

Bir-birini tanigan, og‘ir paytda qo‘l cho‘zgan, dardingni, oilaviy ahvolingni ko‘zingdan qarab bilgan mahalladoshlar haqida “Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shning yaxshi”, “Yon qo‘shning — jon qo‘shning”, “Gilam sotsang qo‘shningga sot, bir chekkasida o‘zing o‘tirasan”, “Qiyomat kuni qo‘shnidan so‘raladi”, degan purma’no gaplar bor. Bu gaplar zamirida olam-olam ma’no yotibdi. Mahallani mensimaydigan, topgan bir dasta puliga mahlio bo‘lib, o‘zgalarni masxaralaydigan kaslar bora-bora mahalladan ayrilib qoladi. Mahalladan ayrilib qolish esa og‘ir isnoddek gap.

Atrofdagilar ko‘rganida teskari qarab o‘tishidan ham xunuk manzara bormikin? Mahallada biror tadbir yoki maslahat yig‘ini bo‘lsa-yu, ko‘pchilik “Ey, falonchini aytmanglar, hammaning dilini vayron qiladi, o‘sha bilmay qo‘ya qolsin”, deyishlaridan asrasin. Shuning uchun ham mahallaning obro‘li insonlari mahalla bilan hisoblashmay qo‘yganlar bilan alohida gaplashadilar, ko‘ngliga yo‘l topib, mahallaga qo‘shilishiga erishadilar.

Bu borada ham masalaga ijobiy yondashish kerak. Yaxshi odam bo‘lishi mumkin, ammo bandligi tufayli mahalla idorasiga kirib-chiqishga vaqti yo‘qdir. Ba’zan “Sulaymon to‘g‘ning oldiga kelmagan ekan, to‘g‘ning o‘zi Sulaymonning yoniga boribdi”, deganlaridek, o‘sha odamning oldiga “mahalla yettiligi” borishi, mahalladagi ishsizlarga ish topishida, muhtojlarga muruvvat ko‘rsatishda uning salohiyatidan foydalanishi yaxshi natijalar berishi tajribada o‘z isbotini topgan.

“Mahalla menga nima berdi?” deydigan emas, “Men mahallaga nima berdim?” deydiganlar ko‘paydi. Ezguliklardan ruhlangan odamlar o‘z-o‘zidan mahallada birlashdilar. Birgalikda erishayotgan yutuqlarimiz ham bizni yanada jipslashtirdi.

2026 yilning yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlanishi ham birgalikda erishmog‘imiz shart bo‘lgan maqsadlarga ilhomlantirdi. Bugungi kunda mahallalarimizga 5-6 yil kelmagan odam ularni taniy olmay qolmoqda. Muhtasham binolar, ravon yo‘llar, ko‘rkam guzarlar qad rostladi. Zamonaviy maktablar ochilishi, jamiyatda o‘qituvchilarning maqomi ko‘tarilishi, markazdan to eng chekka hududlardagi mahallalarimizgacha tibbiy xizmat sifati oshishi xalqimizning ertangi kunga ishonchini mustahkamlayotir.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan tashkil etilgan “Ma’rifat karvoni” loyihasi kirib bormagan mahalla qolmadi. Loyiha doirasida O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Sivilizatsiyalar — shaxslar — kashfiyotlar”, “Tirik tarix”, “Farovon hayot sari ilk qadam”, “Olimlar va yoshlar uchrashuvi”, “Ijtimoiy g‘oyalar forumi”, “Yangi O‘zbekiston — Yangi Renessans poydevori” kabi 70 ga yaqin ilmiy-ma’rifiy forum va tadbir tashkil etilib, ularga 40 mingga yaqin ishtirokchi jalb etildi.

“Ma’rifat orqali kambag‘allikni qisqartirish” dasturi doirasida og‘ir ijtimoiy toifadagi 1024 ta mahallaga obro‘-e’tiborli, nuroniy olimlar, yozuvchi-shoirlar, teatr va san’at arboblari “ma’naviy ko‘makchi” sifatida biriktirildi. “Ma’naviy ko‘makchi”lar tomonidan mahallada kambag‘al oila a’zolarining ishlash ishtiyoqini oshirish maqsadida “Farovon hayotga ilk qadam” loyihasi doirasida 17 461 ta turli ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

“Ma’naviy ko‘makchi”lar biriktirilgan mahallalarda uzluksiz o‘tkazilgan tadbirlar, davra suhbatlari, yakka tartibdagi muloqotlar o‘z samarasini berdi. Loyiha natijasida odamlarda ishlashga ishtiyoq oshganiga guvoh bo‘ldik.

“Ma’naviy ko‘makchi”larning faoliyati, ayniqsa, xotin-qizlar orasida yaxshi samara bermoqda. Xalqimizda “El onasiga ergashadi”, degan naql bor. Bunda ham ko‘p hikmat yashiringan. Bu hikmatli so‘zni yashashga, intilishga rag‘bat oshirish uchun qo‘llash mumkin ekan.

O‘zim “ma’naviy ko‘makchi” bo‘lib ish yuritgan 5 ta mahalla raislaridan olgan xulosalarim ko‘rsatdiki, mahallalarda ma’naviy muhit keskin o‘zgardi. Erta-kech ko‘chaga chiqib, nimlardandir nolib, g‘iybat qilib o‘tiradigan ayollar asta-sekin kamaymoqda. Eri daromad topib keladigan yoki turmush o‘rtog‘i xorijdan pul yuboradigan ayrim ayollarning kafelardagi behuda ko‘ngilochar o‘tirishlari qisqarib, ular “mahalla yettiligi” taklif etgan ishlarga joylashib, daromad topa boshlashdi.

To‘g‘risini aytish kerak, dastlab ish taklif etilgan korxonalarda maosh 2-3 million so‘mdan boshlanadi. Ish joyining mahallaga yaqinligi, yo‘lga uzoq vaqt va yo‘l-kiro sarflanmasligi kabi qulayliklarni “ma’naviy ko‘makchi” tushuntirib boradi. Eng muhimi, bir necha oydan keyin maoshning oshishi, mahalla va qo‘ni-qo‘shnilar oldida “ishsiz” degan yorliqning olib tashlanishi ularning hayotiga iliqlik, yorug‘ nur olib kiradi. Mahalla yordami bilan kasb-hunar kurslarida bepul o‘qib, tikish mashinalarida o‘z mehnatiga yarasha mablag‘ topa boshlagan ayollar bilan suhbatlar ularni mahalla bilan bog‘lash naqadar katta ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatdi.

To‘g‘ri, bu ishga birdan, ommaviy kirishib ketilgani yo‘q. Ammo 1 ta “ma’naviy ko‘makchi” dastlab 2-3 kishiga ruhon ko‘mak bergan bo‘lsa, 1 oy ichida 10 ta, 2 oy ichida 20 ta, 4-5 oy ichida esa 50 dan ortiq odamning ish topib, katta xohish bilan mehnat faoliyatini boshlashiga sababchi bo‘lishi mumkin.

Aholining ijtimoiy faolligi oshirilishi umumiy kayfiyatga ta’sir qiladi. Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va milliy qadriyatlarni targ‘ib qilish ishlari “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida yoz faslida, ming-minglab o‘quvchilar ta’tilga chiqqach, ishtirokchilar qamrovini kengaytirdi. “Kitob karvoni” orqali mahalla kutubxonalariga tuhfa sifatida durdona asarlar kirib borgani, kitobsevarlarning adib va shoirlar bilan jonli muloqotlar o‘tkazishi unutilmas xotiraga aylandi.

Yaqinda 94 yoshni qarshi olgan ustoz jurnalist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Yayra Sa’dullaeva bilan ma’naviy yuksalishimiz haqida uzoq suhbatlashdik. Uning to‘lqinlanib aytgan gaplari hech yodimdan chiqmasa kerak. Nuroniy adibamiz bunday dedi:

“Prezidentimizning o‘zi yurtimizdagi oddiy xalq bilan tez-tez uchrashishi, mahallalarga borib, nuroniylar bilan quchoq ochib ko‘rishishi, jajji bolalarni bag‘riga bosib gaplashishi, olis qishloqlarga tashrif buyurganida xonadonlarga kirib xalqimizdan hol-ahvol so‘rashi barchamizning kayfiyatimizni ko‘taradi. Shu ulug‘ yoshga yetganimcha men ham hayotning achchiq-chuchugini ko‘p boshdan o‘tkazdim.

Jurnalist nigohimda olis qishloqlardagi tomidan chakka o‘tgan maktablar, o‘nqir-cho‘nqir yo‘llar, pastak, paxsa devorli qishloq hovlilari, uylardan bir etak go‘daklari bilan tongdanoq paxta dalasiga yo‘l olgan qishloq ayollari, yuqumli kasalliklarga to‘lib ketgan shifoxonalar ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Katta-katta mahallalar o‘rtasida bitta yo ikkita do‘kon bo‘lardi. Bozorlardagi antisanitariya holatini eslasam, hamon dilim qayg‘uga to‘ladi.

Mana bugun to‘ ylar “Maromiylik” loyihasi asosida o‘tmoqda. Odamlarning kayfiyati milliy qo‘shiqlarimiz, baxshilarimiz aytgan dostonlaru o‘lanlarga hamohang bo‘lmoqda. Aziz yurtdoshlarimizning yurish-turishlari, kiyin ishlariga qarab zavqlanaman va madaniyat ham jamiyatning ma’naviy yuksalishi ekaniga amin bo‘laman.

Bugun mahallalarimizni kezib, ko‘ngling yayraydi. To‘g‘ri, keyingi yillarda oyog‘im oqsab, pand bermoqda. Ammo farzandlarim avtomashinada haftada ikki marta shahrimizni va yurtimizdagi yangi inshootlarni tomosha qilishga olib borishadi. Yurt go‘zalliklarini ko‘rib ko‘nglim ochiladi, dilim yayraydi. Shuning uchun farzandlarim meni tez-tez sayrga olib chiqishni odat qilganlar. Yurtimizning jannatiy jamolini ko‘rishga yetkazganiga shukur”.

Darhaqiqat, mahalla ahli orasida ko‘pchilik bo‘lib ziyoratlarga borish, teatr va tomoshalarga oilaviy tashrif buyurish urfga aylandi. “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari bo‘lgan mashhur olimlar, san’atkorlar, adib va shoirlar Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynog‘idagi ovullardan to Qashqadaryoning eng chekka qishlog‘i G‘ilongacha, Surxondaryoning Boysunidagi Yuqori Machayigacha, Farg‘onaning So‘xiyu Navoiy viloyatining Tangi Jumanigacha, Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Chorchinor, Jizzaxning qayta chiroy ochgan Manas mahallasigacha yangi O‘zbekiston ruhini, abadiy barhayot qadriyatlarini, ma’naviy xazinasini tashib yurguchi karvon bo‘lib kirib bordi.

Prezidentimiz boshlab bergan bu muhtasham karvonning nurli manzillari mahalladoshlarimiz davrasida, mahallalarimizdadir. Zero, umrimizning mazmuni shu vatanga xizmat qilishdir. Mahallalarni rivojlantirish va jamiyatimizni yuksaltirishda fidoyilik ko‘rsatish har birimizning vijdon ishimizdir.

Zulfiya MO‘MINOVA,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,

“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi