Mamlakatimizda “Inson qadri uchun” gʻoyasi tobora mustahkam qaror topib, barcha saʼy-harakatlar fuqarolarni ortiqcha ovoragarchilik va byurokratik toʻsiqlardan xalos etishga yoʻnaltirilmoqda. Jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslarning toʻlaqonli hayot kechirishi, haq-huquqlaridan foydalanishi, salohiyatini roʻyobga chiqarishi uchun imkoniyatlarni kengaytirish, ularni reabilitatsiya qilishda inklyuziv jamiyat qurishning muhim omili sifatida qaralmoqda.

Xususan, Prezidentimizning 2021-yil 27-noyabrdagi “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyati hamda bolalarga nogironlikni belgilash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori nogironlikni belgilash jarayonini toʻliq qamrab oluvchi yagona tizimni yoʻlga qoʻyish, shaffof, zamonaviy uslub va mezonlarni amaliyotga joriy etish kabi masalalarni kun tartibiga qoʻydi.

Mazkur qaror bilan tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati tizimi negizida yagona tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati tashkil etildi. Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan bolalarga nogironlik belgilashda mutlaqo yangi bosqichga oʻtildi, yaʼni ushbu toifaga nogironlikni belgilash yangi tashkil etilgan Pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan amalga oshiriladigan boʻldi. Nogironligi bor bola deb topilganlarga nogironlik guruhi belgilanmasdan, “nogironligi boʻlgan bola” maqomi berilib, ijtimoiy himoyaga olinmoqda. Shu bilan cheklanmay, aholining mushkulini oson qilishgan qaratilgan ishlar tizimli va izchil davom ettirildi.

Jumladan, davlatimiz rahbarining oʻtgan yili 17-fevraldagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, 2022-yilning 1-aprelidan boshlab oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band boʻlgan bolaning qonuniy vakiliga har oyda 500 ming soʻm miqdorida nafaqa toʻlovi joriy etildi. Shu asnoda 34 ta kasallik kiritilgan roʻyxat tasdiqlab berildi.

Insonparvarlikka yoʻgʻrilgan mazkur saʼy-harakatlarning mantiqiy davomi sifatida tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmatini raqamlashtirish, ekspertiza jarayonini shaffoflashtirish, sohaga inson omili aralashuvini kamaytirish orqali byurokratik toʻsiqlarni bartaraf qilish boʻyicha ham zarur ishlar bajarilmoqda. Birinchidan, nogironligi boʻlgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida hisobga olish va koʻrikdan oʻtkazishning yangi — “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimini joriy qilish, 2022-yil 1-avgustdan boshlab Toshkent shahrida aprobatsiyadan oʻtkazib, 2023-yil yanvardan yurtimizning barcha hududida amaliyotga kiritish belgilangan edi.

Bu borada mamlakatimizdagi barcha davolash-profilaktika muassasalari vrachlik-maslahat komissiyalari vrachlari va IT hamshiralari inspeksiya va dasturchilar tomonidan maxsus oʻqitildi. Ularga login va parollar berildi. “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimi 2023-yil 1-yanvardan boshlab yurtimizning barcha hududida toʻliq amaliyotga joriy etildi.

Nogironlikni belgilashga asos boʻladigan tibbiy hujjatlar elektron tarzda tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalariga yuborilishi yoʻlga qoʻyildi. Hozir sogʻliqni saqlash muassasalari tomonidan fuqarolarga nogironlikni belgilash uchun asos hisoblanadigan (tibbiy yoʻllanma, kasallik tarixi, ambulator kartadan koʻchirmalar va boshqa) maʼlumotlar nogironlikni belgilash maqsadida elektron tarzda tibbiy ijtimoiy ekspert komissiyasiga yuborilmoqda.

Bu jarayonda nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan, anatomik nuqsonlari boʻlgan hamda noxush klinik prognozga ega kasallikka chalingan shaxslarni klinik-funksional maʼlumotlarni olishga doir qoʻshimcha tekshiruvdan oʻtkazmasdan turib, fuqaroning ishtirokisiz, nogironlik muddatsiz davrga belgilanmoqda. Koʻrik natijasida nogironlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma QR-kod bilan tasdiqlanib, axborot tizimi orqali shakllantirilyapti.

Ikkinchidan, hozir nogironlikni belgilashda davolash-profilaktika muassasalarining yoʻllanmasi, kasallik tarixidan koʻchirma, ambulator karta, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasi hamda mehnat vazifasini bajarish bilan bogʻliq baxtsiz hodisa yoki sogʻliqning boshqacha tarzda shikastlangani toʻgʻrisidagi hujjatlar toʻliq axborot tizimi orqali qabul qilinmoqda. Axborot tizimidagi fuqaroga tegishli maʼlumotlardan kelib chiqib, nogironlik belgilari aniq koʻrinib turgan, anatomik nuqsoni boʻlgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarda nogironlik fuqarolarning ishtirokisiz belgilanmoqda.

Natijada yiliga 20 ming fuqaro (25 foiz) tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga bormaydi va ularga nogironlik sirtdan belgilanadi. Nogironlikni belgilashda davolash muassasalaridan kasallik tarixi koʻchirmalari elektron qabul qilinadi hamda ushbu maʼlumotlar asosida fuqarolarning ishtirokisiz nogironlik belgilanadi. Nogironligi boʻlgan shaxsga taalluqli, shuningdek, davolovchi hamda tibbiy xulosa bergan shifokorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar axborot tizimida qayd etilmoqda. Nogironlik belgilangan shaxslarga pensiya va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash uchun elektron maʼlumotlar “Pensiya” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimlariga avtomatik tarzda yuboriladi.

Uchinchidan, bu tizim mutlaqo yangi boʻlib, nogironlik belgilangan shaxslarning nogironlik muddati tugayotgani hamda qayta koʻrikka kelishi toʻgʻrisida qisqa xabar mobil aloqa vositalariga bir oy oldin xabar yuboriladi. Bu jarayonda nogironligi boʻlgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tegishli vazirlik va idoralarga “elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali elektron yuborilmoqda.

Masalan, koʻrikka chaqirish uchun “Hurmatli (shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi)! Sizning 2023-yil 3-mart kuni soat 10:10 da TIEK koʻrigiga kelishingizni soʻraymiz. Manzil: Qoʻqon shahri, 114-PTIEK. Qoʻshimcha maʼlumot uchun: 1246” mazmunidagi xabar yuboriladi. Nogironlik belgilanganda esa “Hurmatli (shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi)! Sizga Xovos tumanlararo TIEK tomonidan 27.02.2023-yilda II guruh nogironligi 28.02.2025-yilgacha belgilandi”, degan xabar boradi.

Toʻrtinchidan, mazkur ishlar tufayli mamlakatimizda nogironlikni belgilashning eski tibbiy modelidan voz kechib, umumeʼtirof etilgan mutlaqo yangi ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich oʻtish zarurati paydo boʻldi. Maʼlumot uchun aytish kerak, ijtimoiy modelda shaxsning kasalligi bilan birga jamiyat hayotidagi ishtiroki inobatga olinadi. Davlat tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun jamiyatdagi toʻsiqlarni bartaraf etish tadbirlari amalga oshiriladi.

Tibbiy modelda shaxsning kasalligidan kelib chiqib, uning mehnat qila olishi darajasiga muvofiq nogironlik belgilanadi. Nogironlik sobiq ittifoq davrida (43 yil ilgari) ishlab chiqilgan meʼyorlar asosida tayinlab kelingan. Prezidentimizning “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmonida joriy yil 1-aprelga qadar nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich oʻtish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish va kiritish vazifasi belgilangan.

Zotan, ijtimoiy modelga oʻtish boʻyicha tavsiyalar Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyada belgilangan. Mazkur konsepsiyaning qabul qilinishi natijasida nogironlikni belgilashda xalqaro klassifikatsiyaga asosan axborot texnologiyalari joriy etiladi (kasalliklar shifrlanadi), nogironligi boʻlgan shaxslar uchun zarur sharoitlar yaratiladi (panduslar, koʻtarma liftlar, surdotarjimalar, tovushli va vizual signalizatsiyalar va boshqalar) hamda ularni reabilitatsiya qilish boʻyicha shaxsiy dasturlar ishlab chiqiladi.

Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasida nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga oʻtish boʻyicha Prezidentimizning “Keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasi ishlab chiqilmoqda. Unda Nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich oʻtish konsepsiyasi tasdiqlanmoqda.

Konsepsiya ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 2023–2025-yillarda kasalliklarning xalqaro klassifikatsiyasi kodlari boʻyicha elektron baza yaratiladi. Soha xodimlari tayyorlanadi, ijtimoiy obyektlar inventarizatsiyadan oʻtkaziladi. Ikkinchi bosqichda 2025-2027-yillarda nogironligi boʻlgan shaxslarning erkin harakatlanishi uchun 2030-yilgacha tegishli sharoit yaratishga qaratilgan davlat dasturi ishlab chiqiladi.

Dastlab TIEK tizimida ijtimoiy model 2026-yil 1-yanvardan boshlab Sirdaryo viloyatida hamda 2027-yil 1-yanvardan respublikaning barcha hududida joriy etiladi. 2023-2027-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga oʻtish boʻyicha konsepsiyasi loyihasi va uni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar rejasi BMTning Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va YUNISEFning tegishli mutaxassislari ishtirokida bir necha marotaba muhokama etilib, ular tomonidan taqdim etilgan tavsiyalar ham inobatga olingan.

Ushbu konsepsiya fuqarolarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan oʻtkazishni takomillashtirish, nogironlikni ijtimoiy model orqali belgilashni amaliyotga bosqichmabosqich joriy etish, shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish sohasidagi vazifalarni belgilaydi. Konsepsiyani amalga oshirish natijasida qator maqsadlarga erishiladi.

Jumladan, qonunchilik yanada takomillashtiriladi. Mavjud huquqiy boʻshliq va ziddiyatlar bartaraf etiladi. Milliy xususiyatlar va sharoitlar eʼtiborga olingan holda xalqaro standartlar va ilgʻor xorijiy tajriba tatbiq etiladi. Jamiyatda nogironlikni belgilashning adolat prinsipi, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza faoliyatining shaffofligi va oshkoraligi taʼminlanadi.

Sohada jamoatchilik bilan uzviy hamkorlik mustahkamlanadi. Shuningdek, nogironligi boʻlgan shaxslarning tegishli axborotni olishi, jamoat transporti, ijtimoiy va boshqa infratuzilma obyektlaridan erkin foydalanishi uchun bosqichma-bosqich qulay sharoit yaratiladi. Inklyuziv taʼlim (maktabgacha, maktabdan tashqari, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional, oliy va oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim) olish imkoniyati taʼminlanadi.