Bu haqda vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi maʼlum qildi.

Oʻrganish davomida davlat idoralarining statistik va boshqa maʼlumotlari va 2,1 mingdan ortiq umumiy ovqatlanish korxonalari vakillari oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovlar natijalari tahlil qilindi. Tahlil natijasida sohaga oid bir qator muammolar aniqlandi.

Birinchidan, sohani tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari va qoidalar eskirgan, biznes yuritish amaliyotiga mos kelmaydi. Masalan, restoran tozalash, taʼmirlash va shu kabilar ishlar uchun yopilishidan bir hafta oldin bu haqda eʼlonni osib qoʻyishi kerak. Buni bajarmasa 2 mln. soʻm jarimaga tortiladi.

Shuningdek, umumiy ovqatlanish xizmatiga oid sanitariya norma va qoidalari (SanPiN 0309-14-son) ham zamon talablariga mos kelmaydi, buning natijasida qoidalarning 20 tasiga rioya etish imkonsiz boʻlib qolgan.

Jumladan, taomlarni koʻmir, oʻtin, qattiq yoqilgʻida ishlaydigan plitalarda pishirish mumkin emas (qish mavsumlarida gaz taʼminoti cheklanganda mazkur talabga rioya qilib boʻlmaydi).

Yana bir misol, taxminan 12 turdagi mahsulotlar uchun alohida-alohida pichoqlar mavjud boʻlishi lozim (amalda aksariyat umumiy ovqatlanish korxonalarida har bir mahsulot uchun alohida pichoq ishlatilmaydi).

Ikkinchidan, soliq yuki va murakkab soliq maʼmuriyatchiligi. Umumiy ovqatlanish korxonalari 7-9 turdagi soliqlarni toʻlaydi. Jumladan, aylanmadan olinadigan soliq (tovar aylanmasi 1 mlrd. soʻmgacha), qoʻshilgan qiymat soligʻi, foyda soligʻi, ijtimoiy soliq, daromad soligʻi (soliq agentli sifatida), mol-mulk soligʻi, yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, alkogolli mahsulotlarni sotish huquqi uchun undiriladigan yigʻim (alkogolli ichimliklar sotilsa).

Soliq yukining yuqoriligi umumiy ovqatlanish korxonalarining 61 foizini soliqdan qochishga undamoqda.

Shuningdek, koʻp soliqlar toʻlash oʻz-oʻzidan ular bilan bogʻliq soliq maʼmuriyatchiligini ham murakkablashtirmoqda: korxona 6 xil vaqtda soliqlarni toʻlashi va 5 xil vaqtda soliq hisobotlarini taqdim etishi lozim. Shu sababli, umumiy ovqatlanish xizmatlari faoliyatini boshlashda respondentlarning deyarli 1/3 qismi soliq qonunchiligini tushunib olishda qiynalishgan.

Mazkur omillar esa, oʻz navbatida sohadagi yashirin iqtisodiyotning ulushi yuqori (30-40 foiz) boʻlishiga olib kelmoqda.

Uchinchidan, tekshirish oʻtkazish holatlari juda koʻp. Umumiy ovqatlanish korxonalarini 10 dan ortiq davlat idoralari (soliq, yongʻin nazorati, sanitariya nazorati, mehnat, ichki ishlar organlari, kommunal xizmatlarni koʻrsatuvchi korxonalar va b.) doimiy bezovta qiladi.

Ularni eng koʻp tekshiruvchi 3 ta idoralar (soliq, yongʻin nazorati, sanitariya nazorati) tomonidan 2020-2021-yillarda 8 mingga yaqin tekshirish oʻtkazilgan. Yaʼni, har yili oʻrtacha 14,5 foiz umumiy ovqatlanish korxonalari tekshirilgan.

Biroq, soʻrovda ishtirok etgan korxonalar vakillari boshqa fikrni bildirishdi, yaʼni 2,1 ming respondent har oyda deyarli 5,5 mingta tekshirish oʻtkazilganligini taʼkidlashdi. Demak, ularning faoliyatini noqonuniy tekshirish holatlari koʻp.

Sohadagi tadbirkorlar ularning faoliyatini eng koʻp tekshirish soliq organlari tomonidan amalga oshirilganligini, keyingi oʻrinlarda sanitariya va yongʻin nazorati organlari, ichki ishlar organlari (asosan, tunda faoliyat yuritishni toʻxtatish yuzasidan) ekanligini bildirishdi.

Toʻrtinchidan, tekshirishlardagi korrupsiya holatlari. Faoliyatga oid qonun-qoidalar murakkab va tekshiruvchilar koʻp boʻlishi korrupsiyaga yoʻl ochib bermoqda.

Masalan, respondentlarning 26,4 foizi (905 nafar) soliq, 20,3 foizi (697 nafar) sanitariya va 11,3 foizi (387 nafar) yongʻin nazorati organlarida korrupsiya holatlariga duch kelishganini, shuningdek, korrupsiyaning eng koʻp tarqalgan turi davlat organlari xodimlariga bepul xizmat koʻrsatish ekanligini taʼkidlashdi.

Beshinchidan, infratuzilma obyektlariga ulanish va ularda boʻladigan uzilishlar. 63,4 foiz umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyatini boshlashda infratuzilma obyektlari bilan bogʻliq muammolarga duch kelishgan.

Taʼminotdagi uzilishlar ham ular uchun odatiy hol boʻlib qolmoqda. Jumladan, respondentlarning 36,3 foizi (766 nafari) suv taʼminotida, 35,2 foizi (742 nafari) gaz taʼminotida, 28,5 foizi (602 nafari) elektr taʼminotida qiyinchiliklarga yoʻliqishmoqda.

Oltinchidan, ishchilarni norasmiy yollash. Odatda, restoran, kafe va oshxonalarda oshpaz, ofitsiant, farrosh kabi ishchilarni mehnat shartnomasi tuzmasdan ogʻzaki kelishuv bilan ishga oladi.

Umumiy ovqatlanish korxonalarida 300 mingdan ortiq odam ishlasa, ularning 200 mingdan koʻpi norasmiy band boʻlib, bu holat korxona uchun (jarimaga sabab boʻladi), ishchi uchun (mehnat huquqlari kafolatlanmaydi) va davlat uchun (ijtimoiy va daromad soliqlari tushmaydi) ham manfaat olib kelmaydi.

Jumladan, soʻrovda ishtirok etgan korxonalar oʻz ishchilariga oyiga oʻrtacha 1,8 mln. soʻm ish haqi toʻlab kelayotganligini inobatga olsak, ulardagi norasmiy bandlik tufayli davlat byudjetiga 1,6 trln. soʻmlik (ijtimoiy va daromad soliqlari) qoʻshimcha pul tushmasdan qolgan deyish mumkin.

Bayon etilganlar asosiy muammolar hisoblanib, bundan tashqari, umumiy ovqatlanish korxonalar oldida yana boshqa toʻsiqlar ham bor (oziq-ovqat mahsulotlari uchun naqd pulga ehtiyoji baland, ijara xarajatlari va h.k.).

Mazkur muammolar sohaning toʻliq potensial bilan rivojlanishiga salbiy taʼsir etib kelmoqda. Shu bilan birga, turizm sohasida katta marralarni oldimizga qoʻymoqdamiz. Umumiy ovqatlanish xizmatlarining sifati va rivojlanganligi xorijlik sayyohlarni albatta eʼtiborini jalb etadi! Umumiy ovqatlanish sohasidagi mavjud muammolar esa “zanjir effekti” bilan turizmning rivojini ham sekinlashtiradi.

Shu sababli, Adliya vazirligi tomonidan ushbu muammolarni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqilib, tegishli idoralarga taqdim etildi.

Hurmatli tadbirkorlar va fuqarolar! Umumiy ovqatlanish xizmatlari sohasida hal etilishi lozim boʻlgan boshqa muammolar toʻgʻrisida maʼlumotlarni va sohani takomillashtirish boʻyicha takliflaringizni Adliya vazirligiga taqdim eting, biz hamkorlikka tayyormiz.