Mamlakatimizda gidroenergetika sohasida izchil islohotlarni amalga oshirish, tizimda erishilayotgan natijalar hamda yirik, oʻrta va mikro gidroelektorstansiyalarni loyihalashtirish, yangi gidroelekrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiya qilish boʻyicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Yurtimizda gidroenergetika sohasini rivojlantirish uchun tabiiy sharoitlarga ega hududlar koʻp. Bu imkoniyatdan samarali va oqilona foydalangan holda qayta tiklanuvchi elektr energiya ishlab chiqarishni koʻpaytirish iqtisodiyotimizning eng muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-oktyabrdagi “Toʻpalang daryosida Zarchob kichik GESlarini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori doirasida Curxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yangidan barpo etilayotgan Zarchob-1 kichik GES va Zarchob 220/110/10 kV podstansiya qurildi.
Bu obyektdagi qurilish ishlari 2017-yilning avgust oyida boshlangan edi. GES uchun zaruriy texnologik qurilmalar, asbob-uskunalar Xitoyning ushbu yoʻnalishdagi yetakchi kompaniyasi “Dongfang Electric International Corporation” tomonidan yetkazib berildi. Bu yerda 2 ta gidroagregat oʻrnatish belgilangan boʻlib, ularning umumiy quvvati 37,4 MVt ni tashkil etadi.
“Oʻzenergoinspeksiya” maxsus ishchi guruhi va Surxondaryo hududiy boʻlimi mutaxassislari tomonidan mazkur Zarchob-1 kichik GES va Zarchob 220/110/10 kV podstansiyaning qurilish-montaj ishlarini texnik koʻrikdan oʻtkazildi. Chuqur tahliliy oʻrganishlar jarayonida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli tavsiya va koʻrsatmalar berildi.
“Oʻzenergoinspeksiya” Matbuot xizmati