2021-yil 5-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida oʻtkazilgan navbatdagi “Hukumat soati”da deputatlar “Umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oziq-ovqat sifati ustidan nazorat oʻrnatish boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masalani ham muhokama qildilar. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining xabariga koʻra, deputatlarning ushbu masala yuzasidan savollariga Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi Bahodir Yusupaliyev javob berdi.

Taʼkidlanishicha, yurtimizda umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini taʼminlash, oʻquvchilar va bolalar uchun ularning yoshiga doir fiziologik ehtiyojlariga muvofiq boʻlgan ratsional va mutanosib oziq-ovqat bilan taʼminlash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, mamlakatimiz aholisining sogʻlom, xavfsiz va toʻgʻri ovqatlanishini tashkil etish maqsadida “Sogʻlom turmush tarzi” platformasi asosida 600 ta taom tarkibi va energetik quvvati ishlab chiqildi.

Shuningdek, yurtimiz boʻyicha 7 yoshdan-17 yoshgacha boʻlgan 19,5 mingdan ortiq oʻquvchilarning antropometrik parametrlari boʻyicha maʼlumotlar bazasi shakllantirildi. Barkamol avlodning har tomonlama sogʻlom boʻlib oʻsishi va rivojlanishini taʼminlash maqsadida “Bolalar mahsulotlari xavfsizligi” boʻyicha texnik reglament loyihasi tayyorlandi. Umumtaʼlim muassasalarida ruxsat etilmaydigan oziq-ovqat mahsulotlari hamda taomlar roʻyxati ishlab chiqilib, maktab rahbarlari va maktab oshxonalarini ijaraga olgan autsorserlarga yetkazildi.

Umumtaʼlim oʻquv muassasalari atrofida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtmagan, xavfsizligi kafolatlanmagan, nomaʼlum sharoitda tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari, tayyor taomlar, shirinliklar va ichimliklarning sotilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida barcha maktab rahbarlariga tanaffus paytlarida maktabga kirish joylarida oʻqituvchilar va qoʻriqlash xizmatining navbatchiligini tashkil etish, oʻquvchilarni tashqariga chiqarmaslik toʻgʻrisida koʻrsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

“Hukumat soati”da deputatlar taʼlim muassasalari xodimlarini ishga qoʻyishdan oldin, tayyorlash va qayta tayyorlashda gigiyena talablariga rioya qilinishini tashkil etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha ham savol berdilar.

Vazir oʻrinbosari javobiga koʻra, yurtimiz boʻyicha taʼlim muassasalari xodimlarini ishlab chiqarish sanitariyasi va gigiyenik oʻqitish yuzasidan Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi hududiy boʻlinmalari tomonidan 2021-yilning 9 oyi mobaynida 35413 nafar maktabgacha taʼlim tashkilotlari va 10210 nafar taʼlim muassasalari xodimlari sanitariya minimum kurslarida oʻqitilgan. Bu boradagi ishlarning samaradorligini oshirish, barcha ijtimoiy guruhlarni qamrab olgan holda fuqarolarni sanitariya-gigiyenik oʻqitish va tarbiyalash orqali aholining sogʻlom turmush tarzini shakllantirish va sanitariya madaniyati darajasini oshirish maqsadida vazirlik tomonidan qator amaliy ishlar amalga oshirilyapti.

“Hukumat soati”da shuningdek, bugungi kunda umumtaʼlim maktablari binosi va sinfxonalarining sanitariya qoida, norma va gigiyena normativlariga rioya etilishi ustidan nazorat oʻrnatish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi. Xususan, yurtimizda mavjud boʻlgan 10129 maktabning 7018 tasida oshxonalar mavjud, 2990 tasida oshxonalar yoʻq, ularda vaqtinchalik bufetlar faoliyat koʻrsatmoqda, 121 tasida esa bufet ham tashkil etilmagan. Shuningdek, maktablarining 4124 tasida loyiha asosida tibbiy xonalar qurilgan, 6005 tasida tibbiy xonalar oʻquv yoki maʼmuriy xonalar hisobiga moslashtirilgan. 2017-2020-yillarda maktablarda 327 ta oshxona qurilishi ustidan ogohlantiruvchi sanitariya nazorati oʻtkazildi. Ushbu jarayonlarda 31 ta holatda belgilangan talablardan chetga chiqish aniqlanib, qurilish davridagi kamchiliklar bartaraf etildi.

Mamlakatimizdagi 181 ta taʼlim muassasasining 2497 ta sinfxonasi va 36 ta kompyuter sinfxonasida shovqin hamda elektromagnit maydonning quvvati oʻlchandi. Ulardan 466 ta holatda shovqin miqdori ruxsat etilgan meʼyordan yuqoriligi qayd etildi. 1598 ta maktabda mikroiqlim tekshirildi. Bunda 22662 ta oʻlchovlardan 2925 tasida koʻrsatgichlar sanitariya meʼyorlariga mos kelmagan. Yoritilganlik boʻyicha 1498 ta obyektda 31662 ta oʻlchovlar oʻtkazildi. Shundan 2219 tasida koʻrsatkichlari sanitariya meʼyorlaridan past ekanligi aniqlandi. Oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida aniqlangan sanitariya-gigiyena talablarini qupol ravishda buzgan maktablarning masʼul xodimlariga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, intizomiy chora qoʻllanildi, 230 ta maktabning ish faoliyati vaqtincha toʻxtatildi, tibbiy koʻrikdan oʻz vaqtida oʻtmagan 1036 nafar xodimlar ishdan chetlashtirildi.