Ayniqsa, taʼlim sohasida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish orqali yoshlarimizning ilm olishlariga, bilim va salohiyatlarini yuzaga chiqarishlariga keng imkoniyatlar eshiklari ochilmoqda. Bu borada Fargʻona davlat universiteti jamoasi ham oʻz vazifalarini sidqidildan amalga oshirib kelmoqda.
Murojaatlarni Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi 341-sonli qarorida belgilangan talablarga muvofiq koʻrib chiqilishini taʼminlab, ijrochi sifatida murojaatlar bilan ishlovchi xodimni bevosita masʼul etib belgilanishiga butunlay chek qoʻygan holda, ularda koʻtarilgan masalalarni tegishli tarkibiy boʻlinmalarning mutaxassislari tomonidan ijro etilishi yoʻlga qoʻyilgan.
Oliy oʻquv yurtining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring boʻlimi xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida»gi Qonuni hamda aholini qabul qilish, fuqarolarning murojaatlari va muammolarini samarali hal etish tizimini takomillashtirish yuzasidan tuzilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq ochiqlik, shaffoflik va xolislik tamoyili asosida faoliyat olib bormoqda.
Raqamlarga yuzlanadigan boʻlsak, joriy yil boshidan hozirgi kungacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan jami murojaatlar 14 tani tashkil etgan boʻlsa, universitet vakolatiga doir 8 tasi ijobiy hal etilgan va 6 nafar murojaat muallifiga universitet vakolati doirasidan tashqari boʻlgani bois huquqiy tushunchalar berish va boshqa hal etuvchi organlarga yoʻnaltirish orqali murojaatchi talabi qondirilgan. Bundan tashqari, universitet rahbariyatining hamda fakultet dekanlarining shaxsiy qabullari, mahallalararo hamkorlik, onlayn qabul, sayt, murojaat botlari, elektron pochtalar hamda ishonch telefoni orqali kelib tushayotgan murojaatlarning har birida koʻtarilgan muammolar oʻrnida hal etilmoqda.
Murojaatlar tarkibini asosan oʻqishga qabul, xorijdan oʻqishni koʻchirish, moliyaviy sohaga doir masalalar tashkil etmoqda. Ushbu murojaatlarda aks etgan muammolarni ijobiy hal etish maqsadida koʻplab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, murojaatlarni koʻrib chiqishda aniqlangan, ish faoliyati davomida kamchilikka yoʻl qoʻygan ishchi xodimlarga nisbatan intizomiy javobgarlik choralari koʻrildi. Koʻp murojaatlarda keltirilgan muammoli masalalar yuzasidan turli xil ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilindi. Talabalar orasida huquqiy savodxonlikni oshirish maqsadida seminar-treninglar tashkil etilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, yosh avlodning maʼnaviy yetuk, jismonan baquvvat, zamonaviy va jahon andozalariga mos kasb-hunar egasi boʻlishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va mavjud muammolarni oʻrnida hal etish, fuqarolar tomonidan yoʻllangan har bir ariza, shikoyat va takliflarni eʼtibordan chetda qoldirmaslik oliy oʻquv yurti jamoasining bosh maqsadiga aylangan.
Umidjon OBIDJONOV,
Universitetning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari
bilan ishlash, nazorat va monitoring boʻlimi boshligʻi