Bugun Oʻzbekiston sayyohlik brendining Buyuk Britaniyadagi elchisi Sofi Ibbotson keng koʻlamli tadbirning yurtimiz uchun ahamiyati haqidagi fikrlari bilan oʻrtoqlashdi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.
“UNWTO Bosh assambleyasi 25-sessiyasi Oʻzbekiston uchun ikkita muhim ahamiyatga ega. Bu yerda birinchi navbatda butun dunyodan sayyohlik tashkilotlari vakillari yigʻiladi. Tadbirga UNWTOga aʼzo mamlakatlardan 160 ta delegatsiya ishtirok etishi kutilyapti. Bu Oʻzbekistonga nafaqat xalqaro turizm sohasiga hissa qoʻshish, balki kelgusi ikki yil davomida uni shakllantirish imkoniyatini ham beradi. Ushbu tadbir muhimligining yana bir sababi shundaki, Oʻzbekiston oʻzining mehmondoʻstligi va MICE turizmi yoʻnalishini namoyish etish imkoniyatiga ega boʻlyapti (MICE — bu biznes uchrashuvlari doirasidagi konferensiyalar va tadbirlardir). Bu Oʻzbekistonda endi rivojlanayotgan turizm sohasi hisoblanadi. Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi Oʻzbekiston xalqaro tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazish uchun barcha imkoniyatlar va mutaxassislarga ega ekanligini koʻrsatadi hamda butun dunyo hamjamiyatini nufuzli xalqaro tadbirlarni aynan Oʻzbekistonda oʻtkazishga undaydi”.
Shuningdek, Sofi Ibbotson Oʻzbekistonning qaysi turistik yoʻnalishlari Yevropa Ittifoqi davlatlaridan chet ellik sayyohlarni jalb etishi haqida gapirdi.
“Oʻzbekistonga sayohat qilish xorijlik sayyohlar uchun jozibador, hayajonli, oʻta ekzotik, shu bilan birga, juda xavfsiz va hamyonbopdir. Shuningdek, turli milliy mahsulotlar ham sayyohlarning eʼtiborini jalb etadi.
UNWTO Bosh Assambleyasi doirasida “Eng yaxshi turizm qishloqlari” nominatsiyasi boʻyicha taqdirlash marosimi ham oʻtkaziladi. Bu roʻyxatga Oʻzbekistonning beshta turizm qishlogʻi ham kiritilgani quvonarlidir. Turizm qishloqlari — Oʻzbekiston uchun mahalliy va xorijlik sayyohlarga qishloq aholisi hamda ularning turmush tarzi bilan muloqot qilish imkonini beruvchi ajoyib yangi yoʻnalishdir”.
Bundan tashqari, S. Ibbotson soʻnggi 5–10 yilda Oʻzbekistonda sodir boʻlgan oʻzgarishlar va sayyohlar uchun mamlakatimizga sayohat qilishning ijobiy jihatlari haqidagi oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.
“Men Oʻzbekistonga muntazam tashrif buyuraman, shuning uchun mamlakatdagi oʻzgarishlarni alohida taʼkidlashim joiz. 5-10 yil avvalgi holatdan farqli oʻlaroq bugun Oʻzbekistonga kelish ancha oson. Reyslar soni koʻpaydi, viza tizimi bekor qilindi. Shuningdek, mamlakat ichida tezyurar poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyildi, Xiva va Nukusga ham tezyurar poyezd qatnovini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Bu esa mamlakatning gʻarbiy qismini sayyohlar uchun ancha qulay qiladi. Uchinchidan, Oʻzbekistonda koʻplab yuqori sifatli turar joy binolari qurildi. Bugungi kunda nafaqat Toshkent, balki Samarqand, Buxoro va Xivada ham 4 va 5 yulduzli mehmonxonalar faoliyat olib boryapti. Bu esa sayyohlarga turli joylarda, ayniqsa, ularga tanish boʻlgan brend mehmonxonalarda qolish imkoniyatini beradi”.