“Urgut sadosi” gazetasi tahririyatiga hokim nega keldi?

    Mamlakatimizda 20 Dekabr 2021 1688

    Urgut tumani hokimi Botir Jabborovning tashabbusi bilan joriy yilda “Urgut sadosi” gazetasi tahririyati binosi toʻliq taʼmirlandi.

    Hokimlik oʻz muassisligida chop etilayotgan nashr rivoji uchun yaqindan koʻmak berib, qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Tahririyatda ishchi-xodimlarga yaratilgan qulay shart-sharoitlar ham shundan dalolat beradi.

    Yaqinda tuman hokimi B.Jabborov tahririyatda boʻlib, “Urgut sadosi” gazetasi ijodiy jamoasi bilan suhbatlashib, mutasaddilarga ularning ish sharoitlarini yanada yaxshilash, binoning isitish tizimini zamon talabiga moslashtirish, obuna masalasi boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berdi. Jurnalistlar shinam xonalarda, kompyuter va boshqa texnik jihozlar bilan toʻla taʼminlangan holda ish olib borishi lozimligini taʼkidladi.

    — Jurnalist uchun munosib sharoit yaratilsa, ijod qilishdan toʻxtamaydi, zavqlanadi, yangi gʻoyalar yaratadi, — dedi tuman hokimi B.Jabborov. – Biz ham bu yoʻlda siz, ijod ahli bilan yonma-yonmiz. Takliflaringiz va tashabbuslaringizni qoʻllab-quvvatlashga va albatta hamkorlik qilishga tayyormiz. Tumanimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan ijodiy oʻzgarishlar qatori, yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklarni ham men ushbu gazetada oʻqiyman. Muhimi, bu nashr oʻzida urgutliklar hayotini yaqqol aks ettiradi.

    Hokim bilan uchrashuvda tahririyat qoshida tashkil etilgan “Urgut matbuot uyi”, “Yosh jurnalistlar maktabi”, “Matbuotni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi” hamda “Urgut kitoblar olami” faoliyatini yoʻlga qoʻyish, yosh shoir va ijodkorlarning “Chashmalar” adabiy toʻgaragini yanada jonlantirish, gazeta sahifalarini mazmunan boyitish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi matbuot xizmati uyushmaning Samarqand viloyati boʻlimi maʼlumotlariga tayanib.