Urgutlik fuqaro 1 500 AQSH dollari va 74 million soʻmga yer sotganlikda ayblandi

    Yer maydonining har bir sotixini 3 million 200 ming soʻmga sotgan shaxsga nisbatan jinoiy jazo chorasi tayinlandi.

    Urgut tumanining Taraqqiyot qishlogʻida yashovchi fuqaro “Z.J.” muqaddam oʻzganing mulkini firibgarlik yoʻli bilan talon-taroj qilganligi uchun jinoyat ishlari boʻyicha Urgut tuman sudining 2018-yil 25-oktyabr kungi hukmiga koʻra ish haqining 30 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilingan edi.

    Bundan oʻziga tegishli ijobiy xulosa chiqarmagan kimsa jinoiy qilmishlarini belgilangan jazo muddatini oʻtash chogʻida ham davom ettiradi.

    Xususan, u tumanning Uzunsoy mahallasida yashovchi 3 nafar fuqaroni aldab, ishonchiga kirib, “Taroqli” agrofirmasi hududida joylashgan, tuman hokimligi zahira yer maydoni hisobida boʻlgan qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yer maydonining har bir sotixini 3 million 200 ming soʻmga kelishib, jabrlanuvchilardan jami 1 500 AQSH dollari va 74 million 800 ming soʻmni firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritadi.

    Uning noqonuniy xatti-harakatlari “Oʻzagroinspeksiya”ning Urgut tuman boʻlimi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan nazorat tadbirlari davomida aniqlandi.

    Ushbu holat yuzasidan toʻplangan hujjatlar asosida Urgut tuman IIOFMB tergov boʻlimi tomonidan fuqaro “Z.J”ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Dastlabki tergov harakatlari oʻtkazilib, jabrlanuvchilarga yetkazilgan 1 500 AQSH dollari va 74 million 800 ming soʻm qoplattirildi. Jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan jinoyat ishlari boʻyicha Urgut tuman sudiga yuborildi.

    Jinoyat ishlari boʻyicha Urgut tuman sudining hukmi bilan “Z.J.” Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan jinoiy jazo chorasi tayinlandi.

    Zaynobiddin SUVONOV,

    “Oʻzagroinspeksiya”ning Urgut

    tuman boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari