Shu yilning 22-iyul kuni soat 12:50 da mazkur yoʻnalish boʻyicha birinchi reys Toshkent xalqaro aeroportida anʼanaga koʻra suv arkasi, gullar va bayramona muhitda qarshi olindi.

“Urumchi va Toshkent oʻrtasidagi aviaqatnovning ochilishi Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi aviasoha hamkorligini yanada mustahkamlaydi. Bu yoʻnalish biznes va turizm rivojiga katta hissa qoʻshadi. Yoʻlovchilarga ishonchli va zamonaviy parvozlarni taqdim etish bizning ustuvor vazifamizdir”, – dedi “Air China” kompaniyasi vakili.

Uzbekistan Airports Handling direktori Timur Xalilov ham mazkur voqeani yuqori baholadi:

“Xalqaro aviasohada yetakchi kompaniyaning yangi yoʻnalishini kutib olish – jamoamiz uchun katta sharaf. Urumchi – Toshkent reysi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi iqtisodiy, madaniy va insoniy aloqalarni mustahkamlashda ishonchli koʻprik boʻladi”, – deya taʼkidladi u.

“Air China” tomonidan Urumchi — Toshkent — Urumchi yoʻnalishida parvozlar haftasiga uch marta — seshanba, juma va yakshanba kunlari amalga oshiriladi.