Urushda bedarak yoʻqolgan oʻzbek jangchisining xoki vataniga keltirildi

    Harbiy 5 May 2021 10068

    1922-yil Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan Boborahim Abdullayev 1941-yil Ikkinchi jahon urushiga ketgan edi.

    Urush tugagach, uning bedarak yoʻqolganligi tasdiqlangandi. Biroq 2020-yil oktyabr oyida Sankt-Peterburgning “Liniya fronta” qidiruv otryadi tomonidan Leningrad viloyati, Kirovsk tumani, Molodsovo qishlogʻi yaqinida Ikkinchi jahon urushida vafot etgan askarlarni qidiruv ishlari olib borilishi natijasida bir askarning jasadi qoldiqlari yonidan topilgan hujjati va medaloniga koʻra Boborahim Abdullayev ekanligi tasdiqlandi.

    Sankt-Peterburg shahar tashqi aloqalar qoʻmitasi boshqarmasi boshligʻi Ye. Kassyuraning taʼkidlashicha Leningrad qamali paytida urushdan, sovuqdan va ochlikdan 420 ming nafar aholi, shulardan 7 ming nafari oʻzbekistonlik askarlar vafot etgan va ular haqqiga Sankt-Peterburg shahridagi Pskarevskiy qabristonida yodgorlik oʻrnatilgan.

    Oʻz navbatida Oʻzbekiston Respublikasi hukumati va diplomatik vakolatxona nomidan oʻzbek qahramonini topishda va uni Vataniga qaytarishda zarur ishlar olib borganlari uchun ularga minnatdorchilik bildirildi.

    Ona vataniga keltirilgan oʻzbek oʻgʻlonining xoki Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi boshchiligida va Kattaqoʻrgʻon tuman hokimligi, faxriylar, yoshlar va marhumning yaqinlari ishtirokida oʻzi tugʻilib oʻsgan Enam yaxshi qishlogʻining xalq qabristoniga musulmonlar udumiga koʻra qayta dafn etildi.

    Marosimda marhum haqqiga qurʼon tilovat qilinib, yaqinlariga hamdardlik bildirildi.

    – Endigina esimni taniganimda, otam bilan enam, “ikki bolam urushdan qaytmadi-ya”, deya xoʻrsinib yigʻlaganlari hamon yodimda, – deydi Boborahim Abdullayevning singlisi Oysahat Islomova. – Akam endi yoʻqolgan askarlar qatorida emas, balki oʻzining qahramon safdoshlari bilan oʻzbek zaminida abadiy tinchlik topgan askar boʻldi. Buning uchun barcha-barchaga oʻz minatdorchiligimni bildiraman.

    Marhumning hoki bilan birgalikda keltirilgan buyumlari endlikda, yaqinlarining roziligiga koʻra, Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Toshkent shahrida bunyod etilgan “Shon-sharaf” muzeyida saqlanadigan boʻldi.

    Leytenant Otabek NORBOYEV, Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati