USAID Oʻzbekistonda migrantlar uchun ikkinchi resurs markazini ochdi

    Xalqaro hamkorlik 18 Yanvar 2023 1074

    Bugun AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha Samarqand quyi komissiyasi va “Istiqlol avlodi” nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda migrantlar va ularning oilalari uchun ikkinchi axborot-maslahat markazini ochdi.

    Markaz mehnat migrantlarini chet elda odam savdosi jabrlanuvchisiga aylanishining oldini olish uchun axborot bilan taʼminlaydi. Shuningdek, qaytib kelgan migrantlar va ularning oila aʼzolariga huquqiy maslahatlar berib, kasb-hunar taʼlimini tashkil etadi va psixologik xizmat koʻrsatadi.

    «Markaz «NNTlar uyi»da joylashgan boʻlib, migrantlar, ularning oilalari va odam savdosidan omon qolganlarni ham fuqarolik jamiyati, ham hukumat koʻrsatishi mumkin boʻlgan xizmatlardan foydalanishiga yordam beradi», — deydi USAIDning Oʻzbekistondagi missiyasining Demokratiya va boshqaruv boʻlimi direktori Fey Xazelkorn.

    2022-yil mart oyida USAID Jizzaxda migrantlar va migrantlarning oilalari uchun birinchi axborot-maslahat markazini ochgan edi. Oʻshandan beri Jizzax markazi odam savdosining potensial jabrlanuvchilari va migrantlar oilalarining 120 ga yaqin murojaatini koʻrib chiqdi va odam savdosidan jabr koʻrgan 16 kishiga vatanga qaytishda yordam koʻrsatdi. Qolgan barcha murojaat etuvchilarga maslahatlar berilib, yuridik va ijtimoiy xizmatlar koʻrsatildi.

    Migrantlar resurs markazlari “Winrock International” tomonidan amalga oshirilayotgan USAIDning Markaziy Osiyoda xavfsiz migratsiya dasturining bir qismidir. Dastur odam savdosining oldini olishga, odam savdosidan jabrlanganlarni himoya qilishga va xabardorlikni oshirish orqali xavfsiz migratsiyani targʻib etishga qaratilgan, deb xabar beradi AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati.