Guruh mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasiga biriktirilgan Qo‘ng‘irot va Qorao‘zak tumanlari ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlarini baholaydi, Agentlik tomonidan Orolbo‘yi mintaqasida loyihalarni amalga oshirish uchun ajratiladigan moliyaviy mablag‘lar sarhisobini qiladi.
O‘zbekiston elchixonasi maʼlum qilishicha, mazkur tashrif 15 yanvar kuni elchi Javlon Vahobov va USAIDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini bajaruvchi Rebekka Blek uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlar doirasida amalga oshirilmoqda.
Elchi AQSH vakiliga o‘tgan yil dekabr oyida Qoraqalpog‘istonga, xususan, Qo‘ng‘irot va Qorao‘zak tumanlariga qilgan safarining asosiy natijalari haqida so‘zlab berdi.
Muloqotda Orol dengizining qurishi oqibatida yuzaga kelgan murakkab ijtimoiy-ekologik vaziyatga eʼtibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, Qoraqalpog‘iston maktabgacha taʼlim muassasalarini suv tozalash filtrlari o‘rnatish orqali toza ichimlik suvi bilan taʼminlash masalasi alohida muhokama qilindi. Bu bilan ushbu taʼlim muassasalari joylashgan mahallalar aholisining ham toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojini qoplashga ko‘maklashish mumkin.
Aholi sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi dolzarb ehtiyojlar qayd etildi. Qishloq xo‘jaligini Qoraqalpog‘istonning bugungi iqlim sharoitiga moslashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Uchrashuvda o‘rta va oliy maʼlumot tizimini mustahkamlash, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi infratuzilma va inson salohiyatini yaxshilash masalalari bo‘yicha ham fikr almashildi. AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligining O‘zbekistonda joriy qilingan qiymati 21,5 million dollar bo‘lgan «Tinchlik uchun oziq-ovqat» besh yillik dasturi Qoraqalpog‘istondagi o‘zaro hamkorlik uchun ijobiy namuna ekani taʼkidlandi.
Mazkur loyiha Amerikaning «Mercy Corps», nodavlat tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi va Qoraqalpog‘iston maktabgacha taʼlim muassasalari infratuzilmasi va kadrlar salohiyatini yaxshilashga yo‘naltiriladi.
Tashkilot rejasiga muvofiq, 610 dan ortiq maktabgacha taʼlim muassasasida vitaminlar va minerallar bilan boyitilgan bolalar ovqatlari tizimi taʼminlanadi, zarur infratuzilma yaratiladi. Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi bilan hamkorlikda taʼmirlash-qurilish ishlari olib boriladi, suv taʼminoti va kanalizatsiya sharoitlari yaxshilanadi, resurs tejaydigan texnologiyalar va suvni biologik tozalash tizimlari joriy etiladi.
Mamlakatimiz uchun USAID bilan hamkorlikning Orolbo‘yi mintaqasida sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash, qishloq joylarini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, yerlarning yana-da sho‘rlanishi va cho‘llanishining oldini olish, shuningdek, qurg‘oqchilikka chidamli qishloq xo‘jaligi ekinlari texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha moliyaviy va texnik yordam dasturlarini kengaytirish yo‘nalishlari ustuvor hisoblanadi.
USAIDning Rebekka Blek boshchiligidagi delegatsiyasining Qoraqalpog‘istonga tashrifi dasturidan sog‘liqni saqlash, xalq taʼlimi, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, shuningdek, respublika Vazirlar Kengashidagi uchrashuvlar o‘rin olgan. Agentlik texnik missiyasi mahalliy rahbarlar bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Qo‘ng‘irot va Qorao‘zak tumanlariga tashrif buyurishni ham rejalashtirgan.