“Oʻzbekiston” lokomotiv deposida 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiyllar kuni munosabati bilan mazkur ulugʻ dargohda uzoq yillar davomida ishlab, shogirdlar yetishtirishda munosib hissa qoʻshgan pensiyadagi ustozlar hamda depoda hozirda ham “ustoz-shogird” anʼanasiga muvofiq koʻplab yetuk mutaxassislar tayyorlashda ildam boʻlib kelayotgan fidoyi ustoz va murabbiylar uchun tantanali bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda depo boshligʻi F.Mahamatov soʻzga chiqib, barchani mamlakatimiz hayotidagi eng qutlugʻ sana – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
– Dunyoda shunday kasb egalari borki, ularsiz hayotimizni tasavvur qilish qiyin. Oʻqituvchilar esa hayotimiz charogʻbonlaridir. Kim boʻlmaylik, qaysi sohada ishlamaylik, barchamizga taʼlim va tarbiya bergan bu, albatta – ustozlarimizdir, – dedi F. Mahamatov. – Xalqimizda “Ustoz otangdek ulugʻ”, degan soʻz bor. Kimki bu hayotda biror yutuqqa erishsa, kasbidan eʼzoz topsa, uning qalbida ustozlariga, birinchi oʻqituvchisiga boʻlgan hurmati abadiy muhrlanadi. Shuning uchun ham Siz ustozlardan taʼlim va tarbiya olgan, oʻzini oldingizda umrbod qarzdor deb his etadigan barcha insonlar nomidan Sizlarga har qancha minnatdorchilik bildirsak ham shuncha oz. Hayot bor ekan, ustozlik kasbi oʻzining maʼno-mazmuni va olijanobligini, ahamiyati va hurmatini hech qachon yoʻqotmaydi. Siz ustozlarga boshimiz yerga tukuncha taʼzimdamiz.
Shundan soʻng, depoda uzoq yillar ishlab pensiyaga chiqqan faxriy temiryoʻlchilar, “ustoz-shogird” anʼanasiga muvofiq kadrlar tayyorlashda oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan tajribali mutaxassislar hamda korxona rivoji yoʻlida fidokorona mehnat qilib kelayotgan 50 nafar ishchi-xodim “Tashakkurnoma” hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Anjumanda pensiyadagi “Faxriy temiryoʻlchi” belgisi sohibi Poʻlat Roʻziyev ham soʻz olib, pensiyadagi ustoz va murabbiylarga berilgan bu kabi eʼtibor hamda eʼzozdan bagʻoyat minnatdor ekanini izhor etdi. Temir yoʻlni shunday ulugʻ va qutlugʻ dargoh ekanini taʼrif etib, har bir mutaxassis oʻzidan keyin shogird tayyorlab qoldirish azaliy anʼana sifatida davom etib kelayotgani hamda katta-katta murakkab teplovoz, elektrovoz hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlarni va texnikalarni boshqarish orqali yoʻlovchi va yuklarni oʻz manziliga xavfsiz yetkazish eng ogʻir masʼuliyatli vazifalardan ekanini taʼkidladi. Shuning barobarida depodagi 40 yildan ortiq mehnati davomida uch yuzga yaqin shogird yetishtiriganini, ular hozirda rahbarlik lavozimlarida ishlayotganini, shundan 20 nafari “Faxriy temiryoʻchi” belgisi sohibi ekanini hamda davlat mukofoti “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻlganligini faxr va mamʼnuniyat bilan tilga oldi.
Tadbirning badiiy qismida yangragan “depo madhiyasi” va korxonaning isteʼdodli yoshlari tomonidan ijro etilgan kuy va qoʻshiqlar, ustozlarga nisbatan qalbi faxr va iftixorga toʻla sheʼr va dialoglar barchaga koʻtaringki ruh hamda oʻzgacha fayz bagʻishladi.
Feruza XUDOYQULOVA,
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ
Axborot-tahliliy media markazi muxbiri