Xabarimiz bor, 23-aprel kuni Polshaning Kelse shaxrida yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan jahon chempionatida hamyurtimiz Nigina Oʻktamova barcha raqiblaridan ustun keldi. Nigina oʻzbek boksi tarixida birinchi bor jahon chempioni unvoniga sazovor boʻldi va oltin medal sohibiga aylandi.
Oʻzbekiston boksi tarixida ilk marotaba jahon chempioni boʻlgan bokschi qiz Nigina Oʻktamova bugun oʻzi tugʻilib oʻsgan Ishtixon tumanida tantanali ravishda kutib olindi. Uni tuman hokimligi, Jismoniy tarbiya va sport boʻlimi, Madaniyat boʻlimi, Yoshlar ishlari agentligi vakillari, chempionning yaqinlari va tabriklash uchun yigʻilgan koʻplab yoshlar katta xursandchilik bilan qarshi olishdi.
Shundan keyin tuman markazidagi “Ustozlar bogʻi”da chempion qiz sharafiga tantanali qutlov tadbiri uyushtirildi.
Tadbirda ishtirok etgan tuman hokimi Sh.Negmatov Niginani erishgan yuksak muvaffaqiyati bilan qutlab, unga tuman hokimligi tomonidan qimmatbaho sovgʻa, ikki xonali uyning birinchi toʻlovi chekini topshirdi.
- Meni ushbu yutuqlarga erishishimda har doim koʻmakdosh boʻlgan ustozlarim Akrom Uzoqov va Azim Xudoyqulovga, ota-onam, yaqinlarimga, qolaversa yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab kelayotgan tumanimiz hokimi Sh.Negmatovga minnatdorchilik bildiraman, - deydi Nigina Oʻktamova. - Musobaqada ishtirok etayotgan 67 ta davlat bayroqlari uzra Oʻzbekistonimiz bayrogʻi baland koʻtarilgan lahzalardagi hayajonlarimni taʼriflab bera olmayman. Hindiston, Tailand, Rossiya, Ukraina kabi davlatlardan kelgan sportchilar bilan bellashib jahon chempioni degan yuksak unvonga loyiq topildim. Men bundan mislsiz iftixor xissini tuydim. Bizda sport qiz bola uchun emas degan tushuncha mavjud. Mening bu yutugʻim minglab tengdoshlarimni yuksak marralar sari ilxomlantiruvchi bir vosita boʻladi, deb umid qilaman.
Ishtixon tuman hokimligi axborot xizmati