Loyihani amalga oshirish boshqaruv boʻlimi va markaziy zavod laboratoriyasi analizatorlari uchun ishlatiladigan yuqori tozalikdagi vodorod (99,999%) import oʻrnini bosishga imkon beradi.
Taʼkidlash joizki, bugungi kunga qadar Ustyurt gaz-kimyo majmuasida yiliga 950 ballon vodorodga ehtiyoj boʻlib, har bir ballon uchun oʻrtacha 209 dollar miqdoridagi mablagʻlar sarflanar edi. Vodorod Rossiya Federatsiyasi, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi va boshqa davlatlardan import qilinyapti.
Ushbu loyihaning amalga oshirilishi import oʻrnini bosish va yuqori tozalikdagi vodorod bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish tufayli kompleksning onlayn analizatorlari uzluksiz faoliyat yuritishini taʼminlash imkonini beradi.
Loyihaning qiymati 150 ming dollarga teng boʻlib, u korxonaning oʻz mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilyapti. Loyiha “Yeast-West Engineering” MCHJning loyiha instituti tomonidan tayyorlangan ishchi hujjatlarga muvofiq amalga oshirilyapti.
Zavodning yillik quvvati 15 000 kub/metr vodorod gazini tashkil etadi. Bu quvvat yuqori tozalikdagi vodorodning ortiqcha hajmini (yiliga taxminan 9 000 kub/metr) olish va uni Oʻzbekiston Respublikasi ichki bozorida sotish imkonini beradi. Loyihani amalga oshirish natijasida yiliga 200 ming dollarga yaqin valyuta mablagʻlari tejalishiga erishiladi.
Ayni paytda mazkur loyiha doirasida vodorod quyish stansiyasi toʻliq qurib bitkazildi va loyiha hujjatlariga muvofiq mahsulot ishlab chiqarish boshlab yuborildi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.