Germaniyaning “LAMBERT ACADEMIC PUBLISHING” nashriyoti tomonidan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Iqboloy Adizovaning monografiyasi chop etildi.
Kitob “THINKER POETESS PF THE EAST” (Sharqning mutafakkir shoirasi) nomi bilan ingliz tilida nashr qilindi.
Ushbu monografiyada oʻzbek mumtoz adabiyoti bilan bogʻliq bir qancha ilmiy muammolar oʻz yechimini topgan. Xususan, anʼanalar zamirida ulgʻaygan novatorlik va ularning oʻzaro munosabati masalasi, sharq mumtoz adabiyotida lirik qahramon tabiati, badiiy obraz va ramz munosabati, adabiy janrlar takomili tarixi, mumtoz qofiya, radif, badiiy sanʼatlarning oʻrni va vazifasi atroflicha oʻrganilgan.
Mazkur muammolarning barchasi Fargʻonada yashab ijod etgan betakror mumtoz shoira Jahon otin Uvaysiy asarlari asosida talqin etilgan. Kitob sharq va oʻzbek adabiyoti, Qoʻqon adabiy muhiti, mumtoz poyetika, janrlar, badiiy obraz va ramz munosabati masalalari bilan qiziquvchi olimlar, tadqiqotchilar va filolog mutaxassislar uchun moʻljallangan.