Qarorga koʻra, 2021-yil 15-avgustdan:
turar joyga ega boʻlmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga ular 18 yoshga toʻlgan yilda koʻp kvartirali uy-joylardan maydoni 25 kvadrat metrdan kam boʻlmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar oʻrtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam boʻlmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi. Bunda, mazkur toifaga kiruvchi nogironligi boʻlgan bolalarga kvartiralar koʻp qavatli uylarning uchinchi qavatigacha ajratiladi;
kvartiralar hokimliklar tomonidan koʻchmas mulkning birlamchi bozoridagi shahar va tumanlarda qurilgan koʻp kvartirali uy-joylardan xarid qilinadi;
koʻchmas mulk birlamchi bozorida mezonlarga mos keladigan kvartiralar mavjud boʻlmaganda, hududiy “Xalqparvar” komissiyalari xulosasiga asosan kvartiralar koʻchmas mulkning ikkilamchi bozoridan xarid qilinadi;
uy-joylar bilan taʼminlash “onlayn-navbat” tizimi asosida amalga oshiriladi, bunda navbatga oʻzgartirish kiritilishiga hamda navbatidan oldin keyingi navbatdagi bolalarga uy-joy ajratilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga uy-joylar mulkka egalik qilish huquqi asosida, biroq ular 30 yoshga toʻlguncha uy-joyni sotish, hadya qilish yoki garovga qoʻyish yoxud ijaraga berish hamda uy-joyda oʻzi va oila aʼzolari (eri yoki xotini, farzandlari)dan tashqari boshqa fuqarolarni doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olish huquqisiz ajratiladi.
Bunda, yetim bola yoki ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolaning asoslantirilgan murojaati asosida mahalliy hokimliklar tomonidan uy-joyning umumiy maydonini kengaytirish va tegishli talablarni saqlab qolish sharti bilan sotishga ruxsat beriladi.