Prezident 27.01.2025-yildagi «Uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish va turar va noturar joy obyektlarni ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida«gi PF-11-son Farmonni imzoladi.
Uy-joy va noturar joy obyektlarni ulushli ishtirok asosida qurish jarayonida fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatlash uchun quyidagilarni nazarda tutuvchi «Uy-joyning yagona hayot sikli« tamoyili joriy etilmoqda:
- uy-joy va noturar joy obyektlarni ulush kiritish asosida qurish jarayonida jismoniy va yuridik shaxslar (ulushdor) huquqlarini himoya qilishni taʼminlash;
- mavjud yer resurslaridan samarali (intensiv) foydalangan holda uy-joy qurilishini tashkil etish;
- uy-joy qurilishi sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish muddatlarini qisqartirish;
- uy-joylarni ulush kiritish va ipoteka krediti asosida sotib olishning ishonchli va samarali imkoniyatini yaratish;
- uy-joy qurilishida energiya tejamkor qurilish materiallaridan foydalanishni ommalashtirish.
«Uy-joyning yagona hayot sikli« tamoyili doirasida 2025-yil 1-iyuldan boshlab qurilish-pudrat tashkilotlari, developerlar va buyurtmachilar (quruvchilar) tomonidan obyektlarni qurishda ulushdorlarning pul mablagʻlarini jalb qilish faqat kadastr organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan, notarial tasdiqlangan ulushli ishtirok asosidagi qurilish shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
Bunda ulushli ishtirok shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab qurilish-montaj ishlari yakunlangan obyektni tomonlar birgalikda foydalanishiga ruxsat berilgunga qadar:
- ulushli ishtirok shartnomasi boʻyicha ulushdorning talab qilish huquqini boshqa shaxsga oʻtkazishga, shuningdek ulushli ishtirok shartnomasini garov predmeti sifatida qabul qilishga ruxsat beriladi va u kadastr organlarida roʻyxatdan oʻtkaziladi;
- ulushli ishtirok shartnomasiga asoslangan mulkiy huquq va majburiyatlar ulushdorning meros tarkibiga kiradi.
Ulushli ishtirok shartnomasi boʻyicha mablagʻlar ularni hisobga olish uchun ulushdor tomonidan bankdagi eskrou hisobraqamiga joylashtiriladi va deponentlanadi. Bunda ulushdorlarning uchinchi shaxslar oldidagi majburiyatlari va quruvchining majburiyatlari boʻyicha eskrou hisobraqamidagi mablagʻlarni toʻxtatib turish, hibsga olish yoki hisobdan chiqarishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Obyektni qurish boʻyicha ishlarni moliyalashtirish quruvchining oʻz mablagʻlari yoki tijorat banklari tomonidan loyihaviy moliyalashtirish orqali ajratiladigan kredit mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, birinchi bosqichda obyektni qurish boʻyicha umumiy ish hajmining kamida 30 foizini oʻz mablagʻlari hisobidan bajarganidan soʻng tijorat banki tomonidan quruvchiga maqsadli kredit ajratish tizimi joriy etilmoqda.
Qurilish-montaj ishlari yakunlangan obyektni foydalanishga topshirish uchun ruxsat berilganidan soʻng eskrou hisobraqamiga deponentlangan mablagʻlar bank tomonidan qurilish uchun quruvchiga ajratilgan kreditni soʻndirishga yoʻnaltiriladi, qolgan qismi quruvchiga oʻtkaziladi.
2025-yil 1-iyuldan 2025-yil 31-dekabrgacha boʻlgan davrda qurilish uchun ulushdorlar mablagʻlarini jalb qilish tomonlarning tanloviga koʻra eskrou hisobraqamlari va bugungi kunda amal qilayotgan toʻgʻridan-toʻgʻri jalb qilish mexanizmi asosidagi ulushli ishtirok tartibi orqali parallel ravishda amalga oshiriladi.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 01.02.2025-yil kuchga kirdi.









