Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida Namangan mamlakatimizning eng barakali, sersuv va serhosil hududlaridan biri, mehnatkash va saxovatpesha, gʻururi baland, tadbirkorlikda eng ilgʻor insonlar yurti ekanini taʼkidladi.
Ularning mehnati va fidoyiligi bilan Namanganda hayot oʻzgarmoqda. Oʻtgan 7-yilda viloyat iqtisodiyoti 2 barobar, eksport 3 karra oʻsib, jon boshiga daromad 15,5 million soʻmga yetdi. 65 trillion soʻm investitsiya hisobiga 600 ming ish oʻrni yaratildi.
Shu bilan birga, Namanganda mavjud salohiyat toʻliq ishga solinmayotgani uchun masʼul komplekslar va viloyatdagi rahbarlar tanqid qilindi.
Viloyat eksportini 86 foizi toʻqimachilik va meva-sabzavotchilik hissasiga toʻgʻri keladi. Mingbuloq va Kosonsoyda bir gektardan olinadigan daromad viloyat koʻrsatkichidan 2 barobar kam. Aholiga berilgan 16 ming gektardan 3,5 ming gektari boʻsh yotibdi. Pop, Chortoq, Norin va Yangiqoʻrgʻonda sanoatlashish darajasi past.
Masʼullar har bir korxona, tadbirkor va xonadon bilan yaqindan ishlashi zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Sayxunobod misolida Uychi tumanidagi 56 ta mahallada ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududga aylantirish, tomorqadan 60-70 million soʻm daromad olish boʻyicha namuna yaratish topshirildi.