Chunki uzoq muddat ishlatiladigan tovarlarga boʻlgan talab isteʼmolchilar kayfiyatini juda yaxshi aks ettiradi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan koʻchmas mulk va avtomobil bozorlarida talabning oʻzgarishi doimiy ravishda tahlil qilib kelinmoqda. Joriy yil yanvar oyida ushbu bozorlarda talabning oshishi Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsish asta-sekin tiklanayotganidan dalolat bermoqda.
Koʻchmas mulk bozori
Koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bogʻliq karantin cheklovlari joriy etilgunga qadar respublikamiz koʻchmas mulk bozorida talab har oyda oʻrtacha 6-7 foiz oshib borgan. Toshkent shahri va Toshkent viloyati koʻchmas mulk bozorlaridagi savdolar umumiy bozor hajmining 40–45 foizini tashkil etgan.
2021-yil yanvar oyida respublika boʻyicha rasmiylashtirilgan koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni 2020-yil yanvar oyiga nisbatan 17,9 foiz oshdi. Koʻchmas mulk bozorining 30 foizidan ortigʻini egallagan Toshkent shahrida esa ushbu koʻrsatkich 26,9 foizni tashkil etdi.
Hududlar kesimida eng yuqori oʻsish koʻrsatkichi Buxoro, Andijon, Namangan va Samarqand viloyatlarida kuzatildi. Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida rasmiylashtirilgan koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni esa 2020-yil yanvar oyiga nisbatan kamaydi.
Markaz tomonidan har oyda isteʼmolchilar kayfiyatini aks ettiruvchi soʻrov oʻtkazib boriladi. Joriy yil yanvar oyi uchun ushbu soʻrov natijalari va koʻchmas mulk bozoridagi talab oʻzgarishi tahlili natijalari shuni koʻrsatdiki, aholining uzoq muddatli tovarlarni sotib olish boʻyicha ijobiy kutilmalari ulushining 1 foiz oshishi koʻchmas mulk oldi-sotdilari sonining 1,5 foiz oʻsishiga olib keladi.
Avtomobil bozori
Odatda, respublikadagi birlamchi va ikkilamchi bozorlarda avtomobil savdosining oylik oʻsishi oʻrtacha 2-3 foizni tashkil etadi. 2020-yilning mart oyi oʻrtalaridan qatʼiy karantin tadbirlari joriy etilishi natijasida mart oyida roʻyxatga olingan va qayta roʻyxatga olingan avtomobillar soni 2019-yilning shu davriga nisbatan 17,3 foiz (oʻtgan oyga nisbatan 34,6 foiz), aprel oyida esa 73,8 foiz (63,1 foiz) kamaygan edi.
May oyidan boshlab avtomobil bozoridagi vaziyat yana tiklana boshladi. Xususan, iyun oyida avtomobillar savdosi 2019-yilning mos davri bilan taqqoslaganda 14,8 foiz (oʻtgan oyga nisbatan 15,7 foiz) koʻpaydi. Avgust oyida ushbu koʻrsatkich 3,8 foizni (oʻtgan oyga nisbatan 54,3 foizni) tashkil etdi.
Avtomobil bozorida talab sentyabr-oktyabr oylarida ham oʻsishda davom etdi. Savdo hajmi 2019-yilning mos davri bilan taqqoslaganda sentyabr oyida 29,5 foiz, oktyabr oyida 19,2 foiz, noyabr oyida 9 foiz va dekabr oyida 10 foiz oʻsdi.
2021-yil yanvar oyida avtomobil bozorida aholi talabi 2020-yil yanvar oyiga nisbatan 5,3 foiz oshdi. Avtomobil bozorida savdo dinamikasi mavsumiy xarakterga ega. Bu esa koʻpgina omillar bilan izohlanadi (masalan, avtomobillar taklifining kamayishi, pul joʻnatmalarining kamayishi). Odatda, har yili yanvar oyida avtomobillar oldi-sotdisi oʻtgan yil dekabr oyiga nisbatan 16-19 foiz kamayadi.
Yanvar oyida avtotransport vositalari savdosi oʻsish koʻrsatkichi 5-6 foizni tashkil etadi. Bu koʻrsatkich boshqa oylarga qaraganda oʻrtacha hisobda past hisoblanadi.
Hududlar kesimida eng yuqori oʻsish surʼati Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida kuzatildi.
Tahlil natijalariga koʻra, hududlar aholisining 1 foiz oʻsishi avtomobillar oldi-sotdisining 1,1 foiz oshishiga olib kelmoqda.
Xalilulloh HAMIDOV,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
bosh ilmiy xodimi