Bugungi kunda mamlakatimizda internet tarmogʻida axborot tarqatish va maʼlumot izlash imkoniyatlari kengaymoqda. Jumladan, Oʻzbekistonda internetdan foydalanuvchilarning soni 31 milliondan oshgan boʻlib, shundan 14 millioni ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanmoqda.
Shu bilan birga, huquqbuzarlarning internet va ijtimoiy tarmoqlardan gʻarazli maqsadlarda foydalanish holatlari kun sayin ortib bormoqda.
Xususan, soʻnggi olti yilda yurtimizda kiberjinoyatlar boʻyicha murojaatlar soni 48 baravarga oshgan. Oʻtgan yilda sodir etilgan firibgarlik jinoyatlarining 82 foizi, oʻgʻirlik jinoyatlarining 76 foizi kibermakonda sodir etilgan. Ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 2 trillion soʻmdan oshgan.
Taqdimotda taʼkidlanganidek, axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning keskin koʻpayib borayotgani milliy qonunchilikka shunday turdagi jinoyatlar uchun jazo choralarini ogʻirlashtirish va kiberjinoyatlarning yangi shakllari uchun javobgarlik belgilash boʻyicha normalarni kiritish vaqti kelganini koʻrsatmoqda. Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar hamda koʻplab fuqarolarga jabr keltirayotgan “moliyaviy piramida” uchun jazo choralarini kuchaytirish maqsadga muvofiq ekani qayd etildi.
Fuqarolarning oʻz nomlariga rasmiylashtirilgan elektron toʻlov vositalari hamda abonent raqamlardan foydalanishda shaxsiy masʼuliyatini oshirish maqsadida oʻz nomidagi elektron toʻlov vositasi, kriptohamyoni, SIM-kartasi va elektron akkauntlardan kiberjinoyatni sodir etishda foydalanilishiga yoʻl qoʻyganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilindi.
Taʼkidlash kerakki, bugun muhim axborot infratuzilmasi obyektlariga qarshi qaratilgan kiberhujumlar natijasida katta salbiy oqibatlarga va moddiy zarar olib keluvchi kiberhujumlar global tus olib, respublikamizda ham kuzatilmoqda. Bu esa yuridik shaxslar oʻz tasarrufidagi axborot tizimlarining xavfsizligini bugungi kundagi zamonaviy tahdidlarga munosib tarzda takomillashtirib borishi va kiberxavfsizlikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratishini taqozo etmoqda.
Shunga koʻra, yuridik shaxslar tomonidan axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun oqibat kelib chiqqan-chiqmaganidan qatʼi nazar, maʼmuriy javobgarlikni belgilash taklif qilindi.
Ushbu amaliyot masofadan moliyaviy xizmatlarni koʻrsatuvchi banklarga ham taalluqli boʻlib, ular ham oʻz tizimlarida firibgarliklarning oldini olish boʻyicha himoya va xavfsizlik choralarini muntazam takomillashtirib borish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Xususan, oʻtgan yillarda 3 ta bank tizimidagi zaiflik tufayli 3025 nafar mijozga 17 milliard soʻm moddiy zarar yetkazilgan.
Shu nuqtayi nazaridan, tijorat banklari, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida sodir etilgan kiberjinoyat oqibatida yuzaga kelgan moddiy zarar uchun javobgar boʻlishini qonunan mustahkamlash tashabbusi ilgari surildi.
Taqdimotda uyushgan jinoyatchilikning sodir etish shakl va uslublari yangilanib borayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Uyushgan guruhlar tomonidan jamiyatda yurish-turish qoidalarini ochiqchasiga mensimasdan, oʻzini qonundan ustun qoʻyib, bezorilik jinoyatlarini sodir etganligi yoki bezorilik jinoyatining ogʻir shakllaridan biri – oʻqotar qurolni namoyish qilib yoki uni qoʻllab hamda takroran sodir etganligi, shuningdek, jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakiliga qarshilik koʻrsatgan holda sodir etilganlik uchun jazo choralari bugungi kunda yetarli taʼsir kuchiga ega emasligi taʼkidlandi.
Shuningdek, soʻnggi vaqtlarda jangovar (aralash) sport turlari boʻyicha yashirin ravishda noqonuniy janglar tashkil qilinib, ularda yoshlarning ishtirok etayotgani kuzatilmoqda. Biroq bugungi kunda buning uchun javobgarlik choralari mavjud emasligi koʻrsatib oʻtildi.
Shu bois, qonun hujjatlariga mana shunday xavf-xatarlarning oldini olish, ularga qarshi ayovsiz kurashish, bunday illatni tag-tomiri bilan yoʻqotishga qaratilgan normalarni kiritish vaqti kelgani taʼkidlandi.
Ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyatlarni sodir etish maqsadida jinoiy uyushma tashkil etganlik, uni moliyalashtirganlik, ular tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni yashirishga homiylik qilganlik, jangovar sport turlari boʻyicha musobaqalarni noqonuniy tashkil etganlik va oʻtkazganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilovchi, bezorilik jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirishni nazarda tutuvchi, shuningdek, qonunga zid ravishda tashkil etilgan jangovar sport turlari boʻyicha musobaqalarda ishtirok etganlik uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilovchi normalar kiritish taklif etildi.
Muhokama qilingan yoʻnalishlar boʻyicha ishlab chiqilgan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish hamda uyushgan va jamoat joylaridagi jinoyatchilikka qarshi kurashishning jinoiy-huquqiy mexanizmlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihalari taqdimot qilindi.
Prezidentimiz takliflarni maʼqullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.