Moliya vazirligi xabariga koʻra, vazirlik Axborot texnologiyalari markazining “UzASBO” dasturiy majmuasi va Yagona umumrespublika protsessing markazining “UZCARD” axborot tizimi oʻrtasida oʻtgan oydan boshlab ikki tomonlama maʼlumot almashinuvi yoʻlga qoʻyildi.

Shunga asosan, Axborot texnologiyalari markazi tomonidan “UzASBO” dasturiy majmuasida oylik ish haqi qismiga qoʻshimcha oʻzgartirishlar kiritildi. Ushbu oʻzgartirish orqali “UzASBO” dasturiy majmuasida xodimning plastik kartasining bank hisob raqami “UZCARD” axborot tizimidan avtomat shakllanadigan boʻldi.

Shu kunga qadar dasturga byudjet tashkiloti hisobchilari tomonidan xodim plastik kartasining bank hisob raqami maʼlumotlari tijorat bankidan berilgan maʼlumot asosida toʻldirilgan. Buning natijasida hisobchilar tomonidan xodimning plastik karta maʼlumotlarini tuzatish yoki oʻzgartirish kiritilishi mumkin boʻlgan. Hozirda davlat byudjeti mablagʻlarini toʻgʻri sarflash va aniq yoʻnaltirish maqsadida plastik karta maʼlumotlarini “UzASBO” dasturiy majmuasida inson omili yordamida oʻzgartirish kiritish imkoniyati cheklandi.

Bugungi kunda Axborot texnologiyalari markazi bilan Milliy banklararo protsessing markazi oʻrtasida texnologik yoʻriqnoma ishlab chiqilmoqda. Shu oydan boshlab “UzASBO” dasturiy majmuasi va Milliy banklararo protsessing markazining “HUMO” axborot tizimi oʻrtasida ikki tomonlama maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.