Oʻzbekiston fond bozori tarixidagi aksiyalarning umumiy qiymati boʻyicha eng yirik IPO yakunlandi — “UzAuto Motors” AJ aksiyalari “Toshkent” Respublika fond birjasida birlamchi ommaviy taklif (IPO) orqali joylashtirildi.
Soʻnggi yillarda kompaniyaning rivojlanish yoʻlidagi saʼy-harakatlari hamda erishilgan qator yutuqlar investitsiyaviy hamkorlikka yoʻl ochdi va munosabatlarni mustahkamladi.
Natijada, “UzAuto Motors” AJning IPOga chiqishi Oʻzbekiston qimmatli qogʻozlar bozorida uzoq kutilgan voqelikka aylandi.
Savdolar yakuniga koʻra, kompaniyaning 56,9 mlrd soʻmlik aksiyalari Respublika fond birjasiga joylashtirilgan boʻlsa, oʻzaro taqsimlanishi boʻyicha 80%i institutsional investorlar (yuridik shaxslar), qolgan 20%i jismoniy shaxslar hissasiga toʻgʻri keladi.
“UzAuto Motors” AJ aksiyalarining ilk ommaviy joylashtirilishi respublikamizda amalga oshirilayotgan xususiylashtirish va kapital bozorini rivojlantirish boʻyicha yirik davlat korxonalari oʻrtasidagi dastlabki qadam hisoblanadi.
Taʼkidlash joiz, “UzAuto Motors” AJ “IPO”si koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqirozdan soʻng mahalliy fond bozorida amalga oshirilayotgan ilk “IPO” hisoblanadi. Shubhasiz mazkur voqelik mahalliy investorlarning faollashuvi hamda kompaniyaning jahon hamjamiyatiga iqtisodiy tomonlama integratsiyalashuviga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bu haqida “UzAuto Motors” AJ xabar bermoqda.