“UzAuto Motors” “Damas” va “Cobalt”ning yangi avlod modellarini ishlab chiqarmoqchi

    Sanoat 13 Oktabr 2025 1273

    Damas minivenining Damas Move yoʻlovchi versiyasi va Damas Max yuk-yoʻlovchi versiyasi mavjud boʻladi. Cobaltʼning yangilangan versiyasida ilgari mavjud boʻlmagan 12 ta yangi opsiya bilan jihozlanadi.

    Bu haqda “UzAuto Motors” aksiyadorlik jamiyati maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, shu yil may oyida Prezidentning Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida “Xorazm Avto” korxonasida yangi modellar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va kengaytirish vazifalari belgilab berilgan edi.

    Shundan kelib chiqib, mijozlar ehtiyojlariga mos yangi “Damas” versiyasini ishlab chiqarish rejalashtirildi.

    Yangi Damas modeli — shahar ichidagi kundalik harakatlar va tijorat faoliyati uchun qulay, ixcham, tejamkor va sigʻimdor avtomobil hisoblanadi. Uning oʻlchamlari kattaroq, yuk koʻtarish qobiliyati oshirilgan, haydovchi va yoʻlovchilar uchun qulayliklar sezilarli darajada yaxshilandi. Model ikki xil koʻrinishda — Damas Move (yoʻlovchi versiyasi) va Damas Max (yuk-yoʻlovchi versiyasi)da ishlab chiqariladi. Yangi model amaldagi klassik Damas bilan bir vaqtda ishlab chiqariladi, bu xaridorlarga ikki variant orasida erkin tanlov imkonini yaratadi.

    Shu bilan birga, kompaniya eng talab yuqori boʻlgan Chevrolet Cobalt modelini ham tubdan modernizatsiya qildi. Mijozlarga ikki yangi — Cobalt Style MCM va Cobalt Midnight MCM versiyalari taqdim etilmoqda.

    «Yangilangan Cobalt modeli boʻyicha Oʻzbekiston va xorijda oʻtkazilgan soʻrovlarda respondentlarning 90 foizidan ortigʻi zavod bosqichida zamonaviy funksiyalar bilan jihozlashni talab qilgan, — deyiladi xabarda. — Shunga muvofiq, yangi modelda ilgari mavjud boʻlmagan 12 ta yangi funksiya joriy etildi, jami 50 dan ortiq asosiy komponentlar yangilandi«.

    Yangiliklar qatorida:

    • dvigatel va boshqaruv bloklari yangilanadi;
    • ABS tizimining takomillashtiriladi;
    • xavfsizlik yostiqchalari uchun yangi bloklar;
    • Android Auto va Apple CarPlayʼni qoʻllab-quvvatlovchi sensorli multimedia;
    • kruiz-kontrol, oldingi oʻrindiqlar isitish funksiyasi;
    • interyerning yangi bezaklari va boshqalar bor.

    Cobalt modelini rivojlantirishning keyingi bosqichi — tashqi koʻrinishini yangilash (feyslift) boʻlib, bu yoʻnalishda ishlar allaqachon boshlangan. Yangi versiyalar amaldagi komplektatsiyalar bilan bir vaqtda ishlab chiqariladi.

    «Endi mijozlar funksionalligi va jihozlanish darajasi bilan farqlanuvchi toʻrtta turdagi Cobalt modelidan biriga tanlov qila oladi«, — deyiladi xabarda.

    Avtomobillarning narxlari va sotuv boshlanish sanasi haqidagi maʼlumotlar keyinroq eʼlon qilinishi aytildi.