UzAuto Motors ogohlantiradi: avtomobillarini sotib olish uchun boshqa resurslardan foydalanmang

    Bugun, 8-may kuni soat 10:00 da 4 500 dona Chevrolet Lacetti avtomobili uchun kontraktatsiya ochiladi. Barcha avtomobillar olib ketish imkoniyati bilan shartnoma tuzish uchun mavjud boʻladi.

    “UzAuto Motors”ning maʼlum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda UzAuto Motors avtomobillariga shartnoma tuzish xizmatini koʻrsatuvchi turli botlar va kanallar tarqaldi.

    Kompaniya shubhali xizmatlardan foydalanmaslikni qatʼiy tavsiya qildi. savdo.uzavtosanoat.uz onlayn shartnoma tizimi barcha uchun mutlaqo bepul va tizimda hech kim uchun qandaydir alohida kirishni taʼminlaydigan imkon mavjud emas.

    “Sizning shaxsiy maʼlumotlaringiz firibgarlik bilan bogʻliq holatlar yoki boshqa bir nomaqbul harakatlar uchun foydalanilishi mumkin. Agarda shartnoma tuzish uchun shaxsiy maʼlumotlaringizni uchinchi shaxslarga topshiradigan boʻlsangiz, UzAuto Motors xaridor oldida hech qanday javobgarlikni oʻz zimmasiga olmaydi” deyiladi xabarda.

    Shuningdek, Telegram-bot hamda UzAuto Motors ilovasi navbatni kuzatish xizmatini hamda mavjud avtomobillar haqida maʼlumotni taqdim etadi.

    Eslatib oʻtamiz, bugun xaridorlar Damas va Labo avtomobillari uchun ham shartnoma tuzishlari mumkin.

    Avtomobillar narxi oʻzgarishsiz qolgan.

    Maʼlum qilinishicha, UzAuto Motors avtozavodi yaqin kunlarda Chevrolet Cobalt avtomobilini yangilangan modifikatsiyada ishlab chiqarishni boshlaydi. Unda ekstererning qisman restaylingi mavjud boʻladi. Yangilangan avtomobillardagi oʻzgarishlar va kontraktatsiya vaqti haqida keyinroq xabar beriladi.