Taʼkidlanishicha, joriy yilda Oʻzbekiston iqtisodiyotining oʻsishi va avtomobillarning mavjudligi sabab mamlakatda Chevrolet avtomobillariga talabning gʻayritabiiy oʻsishi kuzatildi.

Mutaxassislarning fikricha, mamlakatimiz fuqarolari yengil avtomobillarni yuqori likvidli investitsiya vositasi deb bilishadi. Agar oʻtgan yili Chevrolet avtomobillarini xarid qilish boʻyicha oʻrtacha oylik shartnomalar soni 21 000 dona boʻlgan boʻlsa, joriy yilning noyabr oyida 76 000 donadan ortiq shartnoma tuzilgan.

Biroq Davlat Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX) maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilda sotib olingan 90 000 dan ortiq avtomobil (yillik ishlab chiqarish hajmining deyarli uchdan bir qismi) xaridorlar tomonidan qayta sotilgan. Iqtisodiy tadqiqotlar markazi tomonidan oʻtkazilgan tahlillar ham “Olib sotarlar” sonining koʻpayganini tasdiqlaydi.

Unga koʻra kelishuvlar soni oʻtgan oyga nisbatan 41 foizga, oʻtgan yilning noyabr oyiga nisbatan esa 2,3 barobarga koʻpaygan. Shubhasiz, “Olib sotarlar”ning bunday yuqori ulushi oddiy xaridorlarning kutish vaqtiga taʼsir oʻtkazdi va bozorda sunʼiy tanqislikni yuzaga keltirdi.

Shubhasiz, UzAuto Motors jamoasi kontraktatsiyaning oylik oʻsish surʼatini taʼminlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishda davom etmoqda. Ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun butlovchi qismlarni, shu jumladan, havo yoʻllari orqali yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi va yuk tashish muammolari hukumat darajasida hal qilindi.

Ushbu va boshqa misli koʻrilmagan chora-tadbirlar avtomobil butlovchi qismlarini maksimal darajada yetkazib berishga imkon berdi, bu esa oʻz navbatida zavodning uzluksiz ishlashini taʼminladi. General Motors va bir qator mikrochip ishlab chiqaruvchilar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida yarimoʻtkazgichlarni qoʻshimcha yetkazib berish va inqiroz davrida prognoz qilinganidan koʻproq avtomobil ishlab chiqarish imkonini berdi. Ishlab chiqarish hajmini oshirishdan tashqari, kompaniya eksportga yoʻnaltirilgan avtomobillarning bir qismini ichki bozorga yoʻnaltirdi.

Bundan tashqari, UzAuto kompaniyasi tomonidan General Motors bilan 2023-yilda dunyodagi inqiroz sharoitida ishlab chiqarish hajmini yiliga 500 ming dona avtomobilgacha oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Taʼkidlash joizki, ishlab chiqarish quvvatining bunday sezilarli oʻsishi nafaqat vaqtni, balki keng koʻlamli investitsiyalarni ham talab qiladi.

Oʻzbekistonda avtomobillarga boʻlgan talabning anomal oʻsishi va global muammolar kuchayganini hisobga olib, kompaniya bunday sharoitda boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilar tomonidan qoʻllanilgan yoʻldan borishni toʻgʻri deb hisoblaydi va Lacetti, Cobalt, Damas va Labo avtomobillariga shartnomalar qabul qilishni vaqtincha toʻxtatadi. Bu oʻz navbatida barcha saʼy-harakatni avval tuzilgan shartnomalar boʻyicha avtomobil ishlab chiqarishga yoʻnaltiradi.

Kompaniya oʻz mijozlaridan tushunishlarini soʻrab qoladi. Hozirgi sharoitda UzAuto Motorsning asosiy maqsadi avval tuzilgan shartnomalar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarishdir. Sizning qoʻllab-quvvatlashingiz bilan tez orada yuzaga kelgan vaziyatni yengillashtirishimiz hamda ushbu avtomobil modellari uchun shartnomalar qayta yoʻlga qoʻyilishiga ishonamiz.