Bu haqda “UzAuto Motors” matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ayni paytda sinov tariqasida ishlab chiqarilgan Chevrolet Tracker avtomobillari “non saleable”, yaʼni “sotuv uchun moʻljallanmagan” hisoblanadi.
“Sotuv uchun moʻljallanmagan avtomobillarning ishlab chiqarilishi, yigʻuv jarayonidagi barcha zaruriy bosqichlarni sinab koʻrish hamda qayta ishlash imkonini beradi”, deyiladi xabarda.
Chevrolet Tracker avtomobili ishlab chiqarilishini yoʻlga qoʻyishga tayyorgarlik jarayonida sinov uchun 16 dona avtomobil ishlab chiqariladi. Keyinchalik ushbu avtomobillar notekis yoʻlda harakatlanish va iqlim sharoitiga moslashuvchanligi tekshiruvdan oʻtkaziladi.
“Ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va sinovdan oʻtkazishga tayyorgarlikning barcha bosqichlari reja asosida olib borilmoqda, kamchiliklar aniqlanmadi” deydi loyiha rahbari Tolibjon Samsoqov.