Dunyo aeroportlarining xalqaroassotsiatsiyasi sanalgan “Xalqaro Aeroportlar Kengashi” (ACI) 1991-yilda tashkil topgan, uning Bosh qarorgohi ayni vaqtda Kanadada joylashgan. Yevropa, Afrika, Osiyo, Lotin va Shimoliy Amerika davlatlarida mintaqaviy vakolatxonalari mavjud. 2020-yil yanvar holatiga koʻra, salkam 670 aʼzoni birlashtirgan mazkur tashkilot 176 mamlakatdagi 1 ming 979 ta aeroportga xizmat koʻrsatib kelmoqda. ACI shuningdek Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA), Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO), Fuqaro aviatsiyasida aeronavigatsiya xizmatini koʻrsatish tashkiloti (CANSO) bilan ham faoliyatini chambarchas bogʻlagan.

Oʻzbekiston tomonidan - “Uzbekistan Airports” AJ Boshqaruvi raisi Rovshan Ismailov, Boshqaruv raisining tijorat va turizmni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Ulugʻbek Bektashev, loyihalar ofisi rahbari Sanjar Erkinboyev, ACI tarafidan - Bosh direktor Stefano Baronsi, biznes-menejer Sevda Fevzi hamda loyiha koordinatori Yulya Plushnina ishtirokidagi strategik hamkorlikka bagʻishlangan onlayn muloqotlar 2020-yilning oxirlarida nihoyasiga yetdi.
Muloqotlarda Oʻzbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida parvozlar xavfsizligini taʼminlash, yoʻlovchilarga sifatli va malakali xizmat koʻrsatishni tashkil qilish, havo darvozalarini dunyo talablari darajasida modernizatsiya qilish, parvozlar koʻlamini kengaytirish orqali xalqaro aloqalarni yana-da mustahkamlash masalalariga eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston tomonidan tashkilotga taqdim qilingan hujjatlar bir ovozdan maʼqullandi. Aʼzolik talablarini bajarish, galdagi vazifalar yuzasidan fikrlar tinglandi. Oʻz navbatida kelgusi rejalar ham belgilab olindi.
Davlatimiz rahbari tomonidan sohaga oid yigʻilishlarda, qabul qilingan farmon, qarorlarda Oʻzbekistondagi xalqaro aeroportlarning qiyofasini va xizmatlarini zamon talablariga moslash, jozibadorligini oshirish, rivojlantirish boʻyicha xorij tajribalarini oʻrganish, tadbiq etish, hatto, ularni nomlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotganini nazarda tutsak, “Uzbekistan Airports” AJning Xalqaro Aeroportlar Kengashi tarkibiga qabul qilinishi tizimli oʻzgarishlarga sabab boʻlishi shubhasiz.

Aʼzolik avvalo xizmatlar ishonchliligini kafolatlaydi. Qolaversa, mamlakatda havo transporti tizimini tubdan isloh qilish, soha faoliyatini xalqaro meʼyorlarga tenglashtirish, sayyohlikni rivojlantirish, investitsiyalar oqimini jadallashtirishga imkon yaratadi. Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasiga qarshi global choralar koʻrish, aviaqatnovlar mobaynida yoʻlovchilarni pandemiya xavfidan ogohlantirish va ehtiyotlash, bu borada samarali dasturlar ishlab chiqishda ACI xizmatlariga tayaniladi.

Umuman olganda, har qaysi davlatning aviatsiya sohasida aeroportlar manfaatlari ifodalangan siyosatni ilgari surish, aviasanoatni yangi hamkorlar, ishonchli sheriklar koʻmagida taraqqiy ettirish, ekoxavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash muhim oʻrin tutadi. Shu jihatdan olib qaraganda, “Uzbekistan Airports” AJning Xalqaro Aeroportlar Kengashi roʻyxatidan munosib oʻrin egallagani Oʻzbekiston aviatsiyasi sohasida roʻy bergan tarixiy voqelik, shuningdek, istiqbolda muvaffaqiyatlar sari qoʻyilgan navbatdagi qadam, deyish mumkin.
“Uzbekistan Airports” AJ Axborot xizmati