Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 2023-yil 26-martdan joriy yilning 28-oktyabriga qadar amal qiladigan bahor-yoz parvozlar jadvaliga oʻtmoqda.
Yozgi navigatsiya davrida aviakompaniya mashhur sayyohlik yoʻnalishlariga parvozlar sonini koʻpaytiradi, shuningdek, yoʻnalishlar tarmogʻini kengaytiradi. Ushbu mavsum davrida 70 dan ortiq yoʻnalish boʻyicha muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Toshkentdan Urganch va Nukusga parvozlar kuniga 2-marta, Buxoroga esa 1-marta amalga oshiriladi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston poytaxtidan Qarshiga haftada 2-marta, Termiz va Samarqandga 6-marta, Fargʻona vodiysi boʻylab: Namanganga – 2, Fargʻonaga – 3 va Andijonga ham ikki martadan aviaqatnovlar bajariladi.
Istanbul, Dubay, Riga, Moskva, Olmaota, Ostona, Dushanbe, Bishkek, Baku, Minsk, Dehli, London, Seul, Kuala-Lumpur va boshqa shaharlarga xalqaro aviaqatnovlar anʼanaviy tarzda Toshkentdan amalga oshiriladi.
Mazkur bahor-yoz mavsumida aviakompaniya 70 ta yoʻnalishda parvoz qiladi, jumladan, Rossiyaning 40 ta, MDH davlatlari va uzoq xorijdagi shaharlarga 30 ta yoʻnalish boʻyicha. Yangi mavsumda aviakompaniya Nyu-York, Frankfurt, Riga, Tel-Aviv, Baku, Tbilisi kabi xalqaro yoʻnalishlarda aviaqatnovlar sonini oshirmoqda.
Qishki jadvalga nisbatan Istanbulga muntazam reyslar soni koʻpaytiriladi. Bahor-yoz mavsumidan boshlab aviakompaniya Milan, Parij, Rossiya shaharlaridan Orenburg, Nijnevartovsk, Omsk, Nijniy Novgorodga parvozlarni amalga oshira boshlaydi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airways.