Mazkur yirik investitsiya loyihasi Prezidentimizning 2016-yil 29-dekabrda “Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasini tashkil etish buyicha qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Loyiha maqsadi – tabiiy gazni qayta ishlash quvvatlarini kengaytirishni davom etish, uglevodorod xomashesi importini qisqartirish, ichki bozorda sifatli va ekologik toza boʻlgan yoqilgʻiga mavjud boʻlgan talabni qoniqtirish, respublikamizda mavjud boʻlgan yer osti boyliklaridan unumli foydalanish va strategik mahsulotlarni ishlab chiqarishni kengaytirish.
Loyihaning iqtisodiy tahliliga koʻra, zavod ishga tushirilishi bilan, yiliga 1,5 mln. tonnagacha neft mahsulotlar importi kamaytirilishi rejalashtirilmoqda. Zavod yiliga 1,5 mln. tonna yuqori sifatli va ekologik toza boʻlgan, mavjud boʻlgan barcha halqaro standartlarining talablariga toʻliq javob beradigan sintetik yoqilgʻi ishlab chiqaradi. Jumladan, 724,6 ming tonna dizel yoqilgʻisi, 307,3 ming tonna avia kerosin, 437,3 ming tonna nafta, 53,4 ming tonna suyultirilgan gaz.
Zavod, dunyoning neftgaz kimyosi sohasida yetakchi hisoblanadigan Sasol (Janubiy Afrika), Haldor Topsoe (Daniya) va Chevron (AQSH) kabi kompaniyalarning texologiyalari asosida loyihalashtirilgan. GTL yaʼni “gazdan-suyuqlikka” texnologiyasi asosida yuqori texnologik zavodalar soni dunyo boʻylab sanoqlidir, jumladan Janubiy Afrika, Malayziya va Katar kabi davlatlarida mavjud.

Qurilish maydonida jami 12 mingga yaqin quruvchilar, muxandis va mutaxassislar jalb qilingan. Jami 750 dona ogʻir va mahsus qurilish texnikasi safarbar etilgan.
Bugungi kunda umumiy loyiha bajarilishi jami 91 foizga yetdi. Zavodning detal loyihalash ishlari yakunlangan. Qurilish-montaj ishlari 76,3 foizga bajarilgan boʻlib, bir paytning oʻzida zavodni ishga tushirish oldi va sozlash ishlari parallel ravishda bosqichma bosqich amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, 24-oktyabr kuni press-tur davomida zavodga elektr energiya qabul qilish marosimi boʻlib oʻtdi va zavod podstansiyalari elektr energiyasi bilan taʼminlandi. Yil yakuniga qadar zavodning energoresurslar bilan taʼminlash, yaʼni suv, bugʻ, texnik havo ishlab chiqarish texnologik uskunalari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Zavodni boshqarish markaziy pultida bugun tuliq sozlash ishlari Honeywell kompaniyasining mutaxassislari bilan hamkorlikda bajarilmoqda. Ushbu markaziy boshqaruv pulti orqali zavodning barcha texgologik jarayonlari va ishlab chiqarish tizimi nazorat qilinadi va boshqariladi.
GTL zavodi 2020-yilning yaquniga qadar qurilish-montaj ishlarini yakunlaydi va boschiqma-bosqich ishga tushirish ishlari va sozlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. GTL mahsulotlarni ishlab chiqarilishi 2021-yilda boshlanadi.

Shuningdek, jurnalistlarga 21-oktyabr kuni Uzbekistan GTL zavodi ishchilarida noroziliklar yuzasidan ham maʼlumot berildi. Unda oshxonaga kirish uskunalarining vaqtinchalik ishlamay qolgani va ishchilar karantin choralari sabab 45 kun obyektda qolib ketishgani sabab boʻlgan edi.
Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish uchun 22-oktyabr kuni Energetika vaziri, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, Qashqadaryo viloyati hokimi, “Oʻzbekneftgaz” AJ vakillaridan iborat ishchi guruh norozilikda ishtirok etgan ishchilar bilan uchrashib, koʻtarilgan barcha masalalar toʻliq oʻrganilib, maksimal darajada oʻz yechimini topishiga va ishchilarning keyingi faoliyati va yashash tarzidan xabardor boʻlib turilishi nazoratga olingan edi.
Bugungi kunda koʻtarilgan barcha masalalar ijobiy hal etilgan boʻlib, 45 kunlik ish muddati 22 kunlikka tushirilgan va ishchilarning barcha talablari toʻliq qondirilgan.
Press-tur davomida jurnalist va blogerlar ish jarayoni hamda ishchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdilar.
Energetika vazirligi Matbuot xizmati