O'zbekiston UNWTO Evropa mintaqaviy komissiyasining 65-sessiyasiga mezbonlik qiladi

    Turizm 18 Iyun 2020 5573

    BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh Assambleyasi Evropa mintaqaviy komissiyasining navbatdagi 65-sessiyasi Samarqand shahrida bo'lib o'tadi, tadbirni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazir o'rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi Aziz Abduhakimov ochib beradi.

    Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi tomonidan UNWTO bosh kotibiyatiga 2020 yilgi Evropa Komissiyasi 65-sessiyasini Samarqand shahrida o'tkazish bo'yicha yuborilgan taklifi doirasida shunga oid qaror qabul qilingan.

    2020 yil 24-25 iyun` kuni Samarqand shahrida o'tkazilishi rejalashtirilgan mazkur tadbirda 40 dan ortiq mamlakatning turizm va sohaga oid vazirlik hamda idoralaridan 300 dan ortiq delegatsiya vakillari tashrif buyurishi, tadbir doirasida Evropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda konferentsiya o'tkazilishi rejalashtirilgan edi.

    COVID-19 pandemiyasi bilan bog'liq vaziyat sababli ushbu tadbirni onlayn rejimda o'tkazishga qaror qilindi. Asosiy mavzu pandemiyaning turizmga ta'siri va uning oqibatlaridan tiklanish masalasiga qaratiladi. Tadbir O'zbekiston Respublikasi Bosh vazir o'rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi Aziz Abduhakimov tomonidan ochib beriladi.

    SHundan so'ng UNWTO Bosh kotibi Zurab Pololikashvili, mintaqaviy komissiya raisi – Gretsiya Turizm vaziri Garri Teoxaris, Evropa departamenti direktori Alissandra Priante so'zga chiqadi. Onlayn tadbirdan “COVID-19 ga javob siyosati” mavzusida vazirlararo muhokamalar hamda UNWTO va Xalqaro moliya korporatsiyasining “yashil” moliyalashtirish instrumenti mavzusidagi ma'ruzalari o'rin oladi.

    Sessiyada shuningdek, navbatdagi 66-yig'ilishni to'liq formatda o'tkazish masalasi muhokama qilinadi, mezbon sifatida O'zbekiston nomzodi qayta taklif etilishi kutilmoqda. Ma'lumot uchun: UNWTO Bosh Assambleyaning yordamchi organlari sifatida 1975 yilda 6 ta mintaqaviy komissiya tashkil etilgan.

    Komissiyalar odatda yiliga bir marta yig'iladi, unga a'zo davlatlar o'zaro aloqalarni mustahkamlash hamda Bosh Assambleya majlislari oralig'ida mintaqa mamlakatlarining taklif va muammolarini kotibiyatga etkazishga xizmat qiladi. Har bir komissiya Bosh Assambleya sessiyalari oralig'ida – ikki yil muddatga a'zo davlatlari orasidan o'zining rais va uning o'rinbosarlarini saylaydi. Evropa mintaqaviy komissiyasiga Evropa hamda Markaziy Osiyodan 42 davlat a'zo hisoblanadi.

    Hozirda Evropa mintaqaviy komissisiga (CEU – Commission for Europe of UNWTO) Gretsiya raislik qilmoqda. Moldova, Pol`sha va Serbiya rais o'rinbosarlari hisoblanadi. Sessiyalar tarixi. Evropa Komissiyasining 63-yig'ilishi 2018 yil 11-13 iyun` kunlari CHexiyaning Praga shahrida bo'lib o'tgan. 64-yig'ilishi 2019 yil 27-30 may kunlari Xorvatiyaning Zagreb shahrida o'tkazilgan. Unda Evropa mintaqasi a'zolari uchun eng ustuvor masalalar muhokama qilingan. UNWTO’ning keyingi Bosh assambleyasida (Sankt-Peterburg, Rossiya Federatsiyasi, 9-13 sentyabr`, 2019 yil) tasdiqlanadigan Tashkilotning 2020-2021 yillarga mo'ljallangan ish dasturiga qanday qo'shilish masalalari ko'rib chiqildi.