“Uzcosmos” Agentligining boʻlim boshligʻi Ahror Agzamovning maʼlum qilishicha, haqiqatdan 1972-yil 31-mart sanasida Sobiq Sovet Ittifoqining “Venera“ dasturi boʻyicha “Kosmos-482” sayyoralararo kosmik apparati fazoga uchirilgan. Biroq raketa-tashuvchining yakuniy bosqichi muvaffaqiyatsiz ishlashi oqibatida u Yer orbitasida qolib ketgan.
Taxminiy hisob-kitoblarga koʻra, apparatning yerga qulashi 9-11-may kunlariga toʻgʻri kelishi mumkin.
“Kosmos-482”ning aniq qayerga qulashini aytish biroz mushkul. Uning Oʻzbekiston hududiga tushishining ehtimoli esa hozircha 0,3-0,5% oraligʻida baholanmoqda.
Apparatning katta qismi atmosferaga kirishi bilan yonib ketsada, Veneraning ogʻir sharoitlarida qoʻnish va ishlash uchun moʻljallangan yarim tonnaga (500 kg) yaqin massali titan shari alohida xavf tugʻdiradi. Bu komponent yer atmosferasiga kirishda omon qoladi va butunlay qulab tushadi. Parashyut borligiga qaramay, koinotda 53-yil boʻlganidan keyin u ishlamasligi mumkin. Yerga urilish tezligi esa soatiga 500 kmgacha yetishi kutilmoqda.
Boʻlaklar topilgan taqdirda, bu haqda zudlik bilan rasmiylarga xabar berish va hech qanday holatda apparat qoldiqlari bilan aloqada boʻlmaslik tavsiya etiladi, chunki ular tarkibida xavfli kimyoviy moddalar boʻlishi mumkin.
Shu oʻrinda qoʻshimcha qilib oʻtish lozim, sobiq Toshkent mashinasozlik konstruktorlik byurosi mazkur “Venera“ dasturining soʻnggi bosqichlarida munosib ishtirok etgan. U “Venera-13 va 14” (1982) va “Vega-1 va 2” (1985) apparatlari uchun grunt olish va burgʻilash qurilmalarini loyihalashtirgan va ishlab chiqargan. Ularni sinovdan oʻtkazish esa Toshkent viloyatidagi Nevich qishlogʻida joylashgan sinov markazida amalga oshirilgan.






