Uzoq vaqt bir joyda oʻtirib ishlash umurtqa va boʻgʻin kasalliklarini keltirib chiqaradi

    Maʼlumotlarga koʻra, har yili 25 yoshdan oshgan ishchilarning 80 foizida umurtqa pogʻonasi xastaliklari, xususan, umurtqa qiyshiqligi aniqlanadi. Bunday kasalliklarning kelib chiqishiga 80 foiz holatda ish stolida gavdani notoʻgʻri tutish sabab boʻladi.

    Murod Irismetov, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori:

    — Koʻplab kasalliklarning bosh omili — kamharakatlik. Asosiy vaqtini ish stolida, kompyuter qarshisida oʻtkazidigan xodimlarning katta qismi ham, afsuski, jismoniy faollik yetishmaydigan toifaga mansub. Quyidagi tahlillar buning isboti.

    Maʼlumotlarga koʻra, har yili 25 yoshdan oshgan ishchilarning 80 foizida umurtqa pogʻonasi xastaliklari, xususan, umurtqa qiyshiqligi aniqlanadi. Bunday kasalliklarning kelib chiqishiga 80 foiz holatda ish stolida gavdani notoʻgʻri tutish sabab boʻladi.

    Biroq buni ish sharoiti, kasb taqozosi bilan bogʻlab, salomatlikka eʼtiborsiz boʻlish ogʻir asoratlarni keltirib chiqarishi tabiiy. Vaholanki, ushbu muammo, yaʼni “ofis xodimi sndromi”ning oson va samarli yechimi bor.

    Masalan, ish vaqti davomida imkon qadar har bir-ikki soatda 5-10 daqiqa tanaffus qilish lozim. Bu paytda bir necha marotaba oʻtirib-turish, gavdani yon tomonga harakatlantirish, boshni soat millari boʻylab aylantirish kerak. Soʻng oʻpkamizni toʻldirib nafas olamiz va yana ishni davom ettirishga kirishamiz.

    Bel ogʻriqlaridan himoyalanishda kursi suyanchigʻiga maxsus ortopedik yostiq qoʻyish mumkin. Qolaversa, bunday vositalar bavosil bilan ogʻrigan kishilar uchun ham tavsiya etiladi.

    Har ikki soatda boʻyin mushaklari uchun mashq bajarish boʻyin osteoxondrozi profilaktikasida qoʻl keladi. Ayniqsa, ensa va kurak sohasida ogʻriq, uvishish kuzatilganida bunday harakatlar juda samarali.

    Kamharakatlik tanada qon aylanish tizimini izdan chiqaradi. Birinchi navbatda, oyoq va kichik tos aʼzosida meʼyoriy jarayon buziladi. Oqibatda oyoq vena qon tomirlarida varikoz kengayishi, bavosil tugunlari hosil boʻlishi kuzatiladi.

    Bunday vaziyatda qon aylanishini yaxshilash uchun jismoniy faollikni oshirish lozim. Ishni ertalabki badantarbiyadan boshlagan maʼqul. 10-15 daqiqa qoʻl-oyoq chigalini yozish salomatlikni yaxshilaydi. Kun davomida esa zinadan piyoda koʻtarilish, vaqti-vaqti bilan xona boʻylab yurish kerak.

    Qon aylanishining meʼyorda boʻlishi isteʼmol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlariga ham bogʻliq. Muntazam qahva yoki achchiq qora choy ichish qon quyuqlashishiga olib keladi. Shuningdek, shirinliklar tufayli organizmda “yomon” xolesterin miqdori ortishi ham sir emas.

    Bundan tashqari, kompyuter qarshisida taom yeyishning ziyoni katta. Negaki, monitordan chiqayotgan nur nafaqat inson tanasi, balki u tanovul qilayotgan mahsulotlarni ham maʼlum maʼnoda zararlaydi.

    Tizza boʻgʻimlarining bir xil bukilgan yoki yozilgan holatda koʻp qolib ketishi ham sogʻlik uchun ziyon. Bunday vaziyatda boʻgʻimlarning drenaj funksiyasi, oziqlanishi buziladi. Natijada artroz-boʻgʻim kasalligi kelib chiqishi mumkin.

    Bu kasallikning oldini olish uchun oyoqlar holatini almashtirib turish, vaqti vaqti bilan turib yurish, oʻtirgan holatda velosiped harakatlarini oldinga va orqaga bajarish, chuqur nafas chiqarib oʻtirish hamda chuqur nafas olgan holda turish mashqlarini bajarish kerak.

    Eng oson mashgʻulot: kishi nigohini derazadan tashqariga, biror obyektga qaratadi. Soʻng yana yaqindagi narsaga qarash mumkin. Koʻzlarni oʻng, chap, tepaga va pastga harakatlantirish ham foydali. Shuningdek, koʻzni tez-tez yumib, ochish ham asqotadi. Muhimi, kompyuter qarshisida uzoq vaqt oʻtirmaslik kerak.