Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi hamkorligida boʻlib oʻtgan mazkur xalqaro tadbirda mamlakatimiz korxonalarining charm, poyabzal, moʻynachilik mahsulotlari, xom ashyo va materiallar namunalari xorijlik hamkorlar eʼtiboriga taqdim etildi.
Mazkur xalqaro koʻrgazmada bir qator xalqaro uyushmalar, xususan, Xalqaro terichilar uyushmasi (ICT), Rossiya moʻynachilar uyushmasi, Rossiya terichilar va poyabzalchilar uyushmasi, Rossiya milliy poyabzalchilar uyushmasi, “Ruspushnina” xalqaro moʻyna auksioni, jumladan, Belarus, Hindiston, Eron, Qirgʻiziston kabi bir qator xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi elchixonalari masʼul vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, koʻrgazmada 30 ga yaqin xorijiy mamlakatlarning charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarida faoliyat koʻrsatuvchi 70 dan ortiq yirik ishlab chiqaruvchilari va kompaniyalari rahbarlari va vakillari qoʻshma investitsiya loyihalari va eksport kelishuvlari maqsadida bevosita ishtirok etdi.
Koʻrgazma doirasida jahon andozalariga mos keladigan mahalliy charm-poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarining yangi turlari, zamonaviy texnologik asbob-uskunalar, chet el kompaniya va firmalarining poyabzal va teri sohasida erishgan yutuqlari yuzasidan koʻrgazmali seminarlar, biznes-forum, trening, master-klass, davra suhbatlari, taqdimotlar tashkil etildi.
Shuningdek, ishtirokchi korxonalar uchun sohadagi oxirgi rivojlanish tendensiyalari, soʻnggi trendlar, texnologiyalar, mahsulot brendi, sifat sertifikatlari, marketingdagi yangiliklarni qamrab olgan oʻnlab mavzularda seminar treninglar hamda turli mavzulardagi mahorat darslari, shu bilan birga, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutining dizaynerlik yoʻnalishida ish olib borayotgan talabalari tomonidan poyabzal va liboslar hamda charm-attorlik mahsulotlari yangi modellari boʻyicha podium boʻlib oʻtdi.
Xususan, Fransiyaning “Mephisto” kompaniyasi tomonidan “Brend tarixi” nomli, Portugaliyaning “Mind Technology” kompaniyasi tomonidan “Mind Cad” dasturiy taʼminoti toʻgʻrisida, Rossiyaning “Neoxim” kompaniyasi tomonidan charm va moʻyna sanoati uchun kerakli boʻlgan maxsus kimyoviy moddalar haqida taqdimotlar oʻtkazildi, shuningdek, Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat instituti mutaxassislari tomonidan poyabzallarni konstruksiyalash boʻyicha master-klass va boshqa turli mavzularda ilmiy-amaliy ishlanma materiallar korxonalar diqqatiga havola etildi.
Xorijiy mehmonlarni Oʻzbekistonning investitsiyaviy muhiti va yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Samarqand, Buxoro, Sirdaryo, Toshkent, Namangan, Andijon, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahridagi soha korxonalari boʻylab biznes-turlar hamda mamlakatimizning turistik salohiyati, boy tariximiz va milliy madaniyatimiz bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Samarqand shahriga sayohat tashkil etildi.
Mazkur koʻrgazma-yarmarka doirasida charm-poyabzal, charm-attorlik, moʻyna, qorakoʻl va jundan ishlangan tayyor mahsulot va buyumlar ishlab chiqarish sohalari rivojlangan Italiya, Turkiya, Angliya, Fransiya, Rossiya, Belarus, Xitoy, Hindiston kabi mamlakatlarning uyushmalari, elchixonalari, kompaniyalari vakillari hamda yirik ishbilarmon doiralari bilan B2B, B2G, G2G uchrashuvlar oʻtkazildi.
Oʻtkazilgan muzokaralar natijasida qariyb 50 million dollarga teng eksport bitimlariga va 35 million dollar miqdoridagi dastlabki investitsiya kelishuvlariga erishildi.
Jumladan, Rossiya Federatsiyasidagi “Parijskaya Kommuna”, “Yaxting”, “Bars”, “Myagkoye Zoloto”, “Foma”, “Zebra”, “Avanti”, “Karavan-M”, Germaniyadagi “Tutelo”, Fransiyadagi “Mephisto”, Italiyadagi “Tecon”, Hindistondagi “Penza Exports”, “Shine Leather Finishers”, “Homera tanning”, Erondagi “Sepehr Industrial Group”, Belarusdagi “Furnitura”, “Galanteya”, “Minskiy kojevenniy zavod” kompaniyalari, shuningdek, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Ozarbayjonning bir qator kompaniyalari va tadbirkorlari, yirik savdo tarmoqlari bilan kelishuvlarga erishildi.
Maqsadlar va natijalar birlashadigan manzil “ Uzcharmexpo-2022” xalqaro koʻrgazma-yarmarkasi mahalliy korxonalarimiz uchun jahon bozoriga chiqishda keng imkoniyatlar va respublikamizning investitsiyaviy salohiyatini oshirish uchun biznes-platformaga aylandi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.
Shuningdek, xabar orqali 2022-yil 12-14-oktyabr kunlari yurtimizda “UzCharmExpo -2022” 13-Xalqaro charm, poyabzal, attorlik, moʻyna va jun mahsulotlari koʻrgazma-yarmarkasi tashkil etilishini maʼlum qiladi.