Shundan kelib chiqqan Bobotogʻdagi mahallalarda obodonlashtirish, yoʻllarni taʼmirlash, aholi bandligini taʼminlashga koʻmaklashish va daromadlarini oshirish borasidagi ishlar izchil amalga oshirilmoqda.

Bu ishlarni joylarda samarali yoʻlga qoʻyish, shu maqsadda oʻzaro tajriba almashish, koʻnikma hosil qilish uchun mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, tuman sektorlari, aloqador boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida Uzun tumanining «Ulanqul» mahallasida amaliy seminar tashkil etildi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov ham ishtirok etdi.

Seminarda ishtirokchilar tuman mahallalaridagi hokim yordamchilari hamda yoshlar yetakchilarining hududlarni rivojlantirish, yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha rejalari va bugunga qadar amalga oshirilgan ishlari bilan yaqindan tanishishdi.

Yoshlar vakillari bilan boʻlgan suhbat chogʻida Toʻra Bobolov ularning takliflarni qoʻllab-quvvatlab, har yili bahorda “Bobotogʻ bahori” ochiq folklor festivalini tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berdi. Tuman folklor – etnografik ansambli uchun avtobus ajratiladigan, turli koʻrik-tanlovlarning tuman bosqichidan avval mahalla bosqichini joriy etiladigan boʻldi.

Seminar davomida tumanda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari koʻrgazmasi, bandlikni taʼminlash uchun mehnat yarmarkasi va aholiga qulaylik yaratish maqsadida tibbiy koʻrik ham tashkil etildi.

Malakali shifokorlar tomonidan oʻtkazilgan tibbiy koʻrikda 40 yoshdan oshgan, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Temir daftar”ga kiritilgan 125 nafar fuqarolardan, 52 nafarida kasallik aniqlandi. Ularning 42 nafari ambulator sharoitda, 10 nafari statsionar sharoitda davolanishga yuborildi.

Shuningdek, «Ulanqul» mahallasida 10 km. ichki yoʻllarni taʼmirlash belgilangan boʻlib, qariyb bir haftadan buyon olib borilayotgan amaliy ishlar natijasida ushbu yoʻllarning 9 kilometrida tosh-shagʻal yotqizish ishlari yakunlandi. Tuproq yoʻllarga tosh-shagʻal yotqizish, eskirgan yogʻoch ustunlarni temir-beton ustunlarga almashtirish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari davom etmoqda. Buning uchun oʻnlab maxsus texnikalar va yuzlab hasharchilar jalb etilgan.

Azimbek Samadov,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.