Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, ikki kunlik tashrif davomida Rossiya Federatsiyasining bir qator rasmiylari, xususan, Hukumat raisining o‘rinbosari Aleksey Overchuk, tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hamda iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvlar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati, amaldagi kelishuvlarning hayotga joriy etilishi, shuningdek, O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarini yana-da rivojlantirishning muhim jihatlari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning barcha sohalarida mustahkam aloqalar hamda faol hamkorlik kuzatilayotganligi qayd etildi. Oldin kelishilgan loyihalar, dastur va tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirishga o‘zaro sodiqlik bildirildi.

Investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, sanoat, transport va logistika hamkorligi masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirishning amaliy mexanizmlari bo‘yicha mushtarak pozitsiyalar ishlab chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlarni qiziqtirgan masalalarni hal qilishga qaratilgan navbatdagi tadbirlar bo‘yicha takliflar almashildi hamda o‘zaro munosabatlarning ko‘rib chiqilgan barcha yo‘nalishlariga doir amaliy hamkorlik qilish yo‘llari to‘g‘risida kelishib olindi.