Vabo kasalligi bo‘yicha dunyodagi epidemik vaziyat hamda Respublikada kasallikni kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan berilgan savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustamjon Ikromov javob berib o‘tdi.
— Suhbat avvalida vabo kasalligi bo‘yicha dunyodagi epidemik vaziyatga to‘xtalib o‘tsangiz.
– Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil boshidan buyon dunyoning 26 davlatida vabo kasalligi qayd etilgan. Kasallanganlarning soni 25,9 mingdan ortiq kishini tashkil etgan bo‘lsa, ularning 735 nafari o‘lim bilan yakunlangan. Shuningdek, 129 mingdan ortiq kishi vaboga kasalligiga shubha qilingan. Kasallik eng ko‘p Afrika qit’asi davlatlarida (23 mingdan ortiq) ro‘yxatga olingan. (Kongo Demokratik Respublikasi (11,1 ming), Nigeriyada (5 mingdan ortiq), Somali (1,6 ming), Keniya (1,1 ming kishi) mamlakatlariga to‘g‘ri keladi)). Nigeriya shimoli-sharqidagi ikki shtatda (Adama va va Borno) vabo epidemiyasi davom etmoqda.
— Dunyodagi bu kabi epidemik vaziyatni murakkablashishiga nima sabab bo‘lmoqda?
— Aholini toza va sifatli ichimlik suvi bilan yetarlicha ta’minlanmaganligi epidemik vaziyatni murakkablashtirmoqda.
— Yurtdoshlarimizni qiziqtirayotgan savol — O‘zbekiston Respublikasida vabo kasalligi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish uchun qanday choralar ko‘rilmoqda? Xavotirlanishga asos bormi?
— O‘zbekiston Respublikasi hududiga 2023 yilda karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarni chet davlatlardan kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalish holatlari kuzatilmadi. Bugungi kunda mamlakatimiz hududiga kasalliklarni chetdan kirib kelishining oldini olish maqsadida respublika bo‘yicha davlat chegaralarini kesishish joylarida 48 ta sanitariya – karantin punktlari faoliyat olib bormoqda. Sanitariya – karantin punktlari tomonidan 2022 yilda 1 070 683 avtotransport ko‘rilgan, 13 273 020 nafar fuqaro tibbiy-sanitariya nazoratidan o‘tkazildi. Nazoratdan o‘tkazilganlar orasida 3995 nafar yuqumli kasallikka gumon qilingan bemorlar aniqlanib, ularga nisbatan profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar olib borildi. AQSHning SDS tashkiloti homiyligida Xalqaro migrasiya tashkiloti ko‘magida “COVID-19 va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi kurashda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda chegara salomatligini yaxshilash” loyihasi asosida respublikaning o‘tkazuvchanligi yuqori bo‘lgan 8 ta sanitariya – karantin punktlari 20 xil turdagi zamonaviy jihoz va tibbiy anjomlar (teplovizor, kompyuter, kondensioner, mebellar va hokazolar) bilan ta’minlandi.
— Ayting-chi, respublikamizga kasallikni kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— Barcha ma’muriy hududlarda vabo tarqalishiga qarshi epidemiologik nazoratni kuchaytirish, ommaviy axborot vositalarini faol jalb qilgan holda aholi o‘rtasida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi yuzasidan targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib borish, ijtimoiy muassasalar: maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari, oliy o‘quv yurtlari va boshqa ob’yektlarni sanitariya-gigiyena norma va qoidalariga rioya qilishni ta’minlash yuzasidan xabardor qilish, mamlakatdagi laboratoriyalarni vaboni tezkor aniqlash va tashxislash uchun zaruriy diagnostikumlar bilan ta’minlash, vaboning oldini olishga mas’ul bo‘lgan, barcha jalb qilingan xizmatlar va tashkilotlar ishtirokida 14 ta ma’muriy hududda bemorlarni boshqarish bo‘yicha taktik mashg‘ulotlar o‘tkazish, kerakli miqdordagi dori vositalari, shu jumladan og‘iz orqali regidratasiya qilish vositalari zaxirasini yaratish va maxsus punktlarni tayyorlash belgilandi.
— JSST vabo tarqalishining oldini olish uchun qanday tavsiyalar bermoqda?
— Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kasallikning tarqalishini oldini olish uchun toza suv va sanitariya sharoitlarini yaxshilashni tavsiya qiladi. O‘limni kamaytirish uchun vaboni davolash markazlari va og‘iz regidratasiyasi bo‘limlarini tashkil etish orqali tibbiy yordamdan foydalanishni yaxshilashni o‘z ichiga olgan epidemiyani boshqarishni amalga oshirish kerak. Og‘iz orqali vaboga qarshi vaksinalarni vabo xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda qo‘llanilishi kerakligini tavsiya etmoqda. Bundan tashqari, epidemiya sezilarli transchegaraviy harakat mavjud bo‘lgan chegara hududlarida sodir bo‘lganda JSST manfaatdor mamlakatlarni hamkorlikka va muntazam ravishda ma’lumot almashishga chaqirmoqda.
— Sayohat qilishni rejalashtirayotgan yurtdoshlarimizga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan nimalar tavsiya qilinadi?
— Sayohat qilishni rejalashtirishayotgan aholi quyidagi ma’lumotlarga e’tibor qaratishlari so‘raladi.
Yuqumli va parazitar kasalliklarning oldini olish uchun infeksiyani va kasallikning keyingi rivojlanishini oldini olish uchun ehtiyot choralarini ko‘rish;
faqat ishonchingiz komil bo‘lgan ovqatni iste’mol qilish;
faqat kafolatlangan xavfsiz suv va ichimliklar (ichimlik suvi va zavod qadoqidagi ichimliklar, qaynatilgan suv) ichish. Xom suvdan tayyorlangan muzlarni iste’mol qilmaslik;
go‘sht, baliq, dengiz mahsulotlarini termik ishlovdan so‘ng iste’mol qilish;
oziq-ovqat mahsulotlariga zarurat tug‘ilganda faqat ixtisoslashtirilgan do‘konlar yoki zavod qadoqlaridagi mahsulotlarni sotib olish;
meva va sabzavotlarni xavfsiz suv bilan yuvib, qaynoq suv bilan chayish;
ovqatlanishdan oldin har doim qo‘lingizni sovun bilan yaxshilab yuvish;
suv havzalari va hovuzlarda cho‘milish yoki suzish jarayonlarida og‘iz bo‘shlig‘iga suv kirishiga yo‘l qo‘ymaslik;
turg‘un va sekin oqadigan suv havzalarida cho‘milmaslik, bu sog‘liq uchun o‘ta xavfli hisoblanadi.
Shuningdek, iloji boricha mahalliy umumiy ovqatlanish korxonalari xizmatlaridan foydalanmaslik va notanish yeguliklarni tatib ko‘rmaslik, bozor va rastalardan ishlab chiqarilishi noma’lum bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilmaslik, uy sharoitida tayyorlangan noz-ne’matlarni iste’mol qilmaslik tavsiya etiladi.