– Albatta, tumanni shunday holatga tushishida biz sektor rahbarlarining aybimiz bor, – deydi tuman hokimi Dilmurod Soliyev. – Bugun oldimizga aniq chora-tadbirlarni belgilab oldik. Reyting natijalarini yaxshilash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.Tumanni 2020-2022-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida qiymati 1 trillion 48 milliard soʻmlik loyihalar amalga oshirilishi natijasida 5 ming 210 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishiga erishiladi.

Raqamlar boʻlgani yaxshi. Ammo u aholi uchun koʻproq naf berishi kerak. Sessiya ishida tuman hokimi hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi muhim yoʻnalishlarni tahlil qilib berdi.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha tumanning viloyatdagi ulushini 0,5 foizdan 2020-yilda 1,5 foizga koʻtarish uchun koʻplab ishlar rejalashtirilgan. Furqat chorvachilikka ixtisoslashgan tuman boʻlib, 34 ta chorvachilik fermer xoʻjaliklari tomonidan 17 ming tonna sut mahsuloti ishlab chiqariladi.

Yangi tashkil etilgan “NATIONAL DAIRY INDUSTRY” qoʻshma korxonasi tomonidan sutni qayta ishlash loyihasini ishga tushirilishi natijasida yiliga 3 ming tonna sut qayta ishlanadi. Buning natijasida 4-chorakda 10 milliard soʻm sanoat mahsulotlari hajmi koʻpayishi va byudjetga qoʻshimcha yil yakuniga qadar 1 milliard soʻm soliq tushumi tushirilishi taʼminlanadi.Tumanda qishloq xoʻjaligining yana bir tarmogʻi – paxta yetishtirishda ham yuqori koʻrsatgichlarga erishilmoqda. “Feyxan – Klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan joriy yilda yetishtirilgan paxta hosilini qayta ishlash natijasida 4-chorakda 40 milliard soʻm sanoat mahsulotlari hajmi koʻpayishi va byudjetga qoʻshimcha yil yakuniga qadar 3 milliard soʻm soliq tushumi tushishiga erishiladi.

Toʻrtta sektor hududida kichik sanoat zonasi tashkil etilib, tadbirkorlar uchun barcha sharoitlar yaratish koʻzda tutilmoqda. Bundan tashqari, yil yakuniga qadar ishga tushiriladigan yangi 18 ta 28,8 milliard soʻmlik investitsiya loyihalarni amalga oshirish hisobiga yil yakuniga qadar sanoat mahsulotlari hajmi 3 milliard soʻmga koʻpayadi, 230 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Hunarmandchilik sohasida “Usta Yusufjon naqqosh” oilaviy korxonasining yogʻoch oʻymakorligi hunarmandchilik maktabi qoshida ustoz-shogird maktabini tashkil etilishi natijasida qoʻshimcha 500 nafar yoshlar bandligi taʼminlanadi. Natijada tuman sanoatiga 2021-yilda qoʻshimcha 10 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish hajmi qoʻshiladi.

Shuningdek, sessiyada sektorlar rahbarlarining hisobotlari eshitildi va atroflicha muhokama qilindi.